“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti “Tillar va global tadqiqotlar” kafedrasi mudiri, dotsent T.I.Sultanov hamda dotsent v.b. U.B.Otayarovaning maqolasi Turkiyaning nufuzli nashriyotida e’lon qilindi.
Navro‘z bayrami Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan Turk dunyosining umumiy xotira va qutlash kuni deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Turkiy Dunyo olimlarining sa’y-harakatlari natijasida Turkiyaning “YTB” (Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi) tashkiloti homiyligida nufuzli “Kadim” nashriyoti tomonidan “Türk Dünyasının Ortak Mirası NEVRUZ” nomli yirik kitob nashr qilindi.
Turli mamlakatlar va ilmiy yo‘nalishlardan bo‘lgan akademiklarning hissalari asosida shakllangan mazkur asar Navro‘zning tarixiy, madaniy va xalq ogʻzaki ijodiga oid jihatlarini fanlararo yondashuv asosida yoritadi. Unda o‘rin olgan 33 ta maqola Navro‘zning turkiy xalqlar orasidagi boy an’analari va umumiy madaniy kodlarini ochib beruvchi ilmiy tadqiqotlardir.
Shu nuqtayi nazardan, asarda, avvalo, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Makedoniya, Rossiya Federatsiyasi hamda uyg‘ur turklari yashaydigan hududlar boshchiligida juda keng geografiyada Navro‘z an’anasining qanday saqlanib kelayotgani tasvirlangan.
Maqolalarda Navro‘zning tarixiy ildizlari, mifologik asoslari, marosim amaliyotlari, an’anaviy e’tiqodlar, nishonlash shakllari, o‘yinlari, musiqa va taom madaniyati kabi ko‘plab jihatlar batafsil tahlil qilingan. Ushbu natijalar Navro‘zning oddiy bayram emas, balki ko‘p qatlamli va chuqur ildizlarga ega murakkab madaniy tizim ekanligini yaqqol namoyon etadi.
Mazkur kitobdan universitet oʻqituvchilari dotsent T.I.Sultanov va dotsent v.b. U.B.Otayarovaning “Türk Dünyasında Nevruz’un Modern Yorumu: Millî Kimlik ve Kültürel Miras Arasındaki Uyum” nomli maqolasi ham oʻrin olgan.