Olis hududlarda istiqomat qiluvchi o‘quvchilarning turizm hamda madaniy meros sohalariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani bois, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tomonidan Qabul va marketing bo‘limi, kafedra mudirlari hamda professor-o‘qituvchilar guruhi tomonidan Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi umumta’lim maktablarida reja-grafikka muvofiq uchrashuvlar tashkil etildi. Olis manzillarda yashovchi o‘quvchilar uchun maxsus transport vositalari ajratilib, ular universitetga taklif qilindi va ta’lim maskanining faoliyati, imkoniyatlari hamda yaratilgan sharoitlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv jarayonida abituriyentlar uchun joriy etilgan qulayliklar — onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimi, test natijalariga ko‘ra 5 tagacha bakalavriat yo‘nalishini tanlash imkoniyati, mavjud ta’lim shakllari, zamonaviy o‘quv muhitining afzalliklari atroflicha tushuntirib berildi. Shuningdek, kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan “ta’lim krediti” turlari, ta’lim grantlari dasturi va boshqa moliyaviy ko‘mak mexanizmlari haqida ham ataylab batafsil ma’lumotlar yetkazildi.
Mazkur uchrashuvlar o‘quvchilarda kelajak kasbini ongli tanlash, turizm va madaniy meros kabi istiqbolli yo‘nalishlarda ta’lim olishga rag‘bat uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etdi.