Ma’lumki, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari uchun jahon turizm servisi tajribasini o‘rganish va o‘zlarida jahon standartlari darajasida ish ko‘nikmalarini shakllantirishi muhimdir. Shu sababli “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Artifist EOOA agentligi bilan hamkorlikda Fransiyaning Riviera hududiga 3-4 oylik amaliyotga yuborish uchun shartnoma tuzdi. Shartnomaga ko‘ra, 2022-yil iyul-sentabr oyida universitetning yuqori kurs talabalaridan 70 nafari Fransiyaning Riviera hududidagi nufuzli mehmonxonalarda yoz oylarida to‘lovli stajirovkada bo‘lishlari rejalashtirildi. “Work and Travel” shaklida tashkil etiladigan bu stajirovkada talabalarga maoshdan tashqari uchish biletlari, tekin turarjoy va ovqatlanish imkoniyatlari ham beriladi.