Payshanba, 28 Aprel 2022 11:44

Universitetning iqtidorli bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun barcha sharoitlar yaratiladi

Joriy yilning 26-aprel kuni “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bitiruvchi yoshlarni viloyat hokimligining “Samarqand kelajak javohirlari” istiqbolli kadrlar zahirasiga olish mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat hokimligining Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev va universitetning birinchi prorektori Joʻliboy Eltazarov ishtirok etib, loyihaning ahamiyati, ishonch bildirilayotgan yoshlar oldiga qoʻyilayotgan vazifalar, maqsadlar, ularga erishish yoʻllari haqida fikr yuritishdi.

Uchrashuv davomida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini a’lo baholarga bitirayotgan, bilimli, tashabbuskor va liderlik qobiliyatiga ega boʻlgan bakalavriat hamda magistratura bosqichi bitiruvchi yoshlari viloyatning turizm va xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi gʻoyalarini, shuningdek, sohadagi mavjud muammolarga oʻzlarining mutaxassis sifatidagi yechimlarini taklif etishdi.

Suhbat yakunida viloyat hokimligining Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev bitiruvchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusida sohani rivojlantirish strategiyasiga kiritilishini aytib, tadbirda ilgari surilgan kreativ gʻoyalarning ijrochisi ham, albatta, aynan shu yoshlar boʻlishi zarurligini ta’kidladi.

O'qilgan 2337 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar