Joriy yilning 20-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga O‘zbekiston Savdo uyi direktori Vladimir Galperin boshchiligidagi Boltiqbo‘yi davlatlaridan katta delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibiga Latviya sayyohlik agentliklari va operatorlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, “Baltic Travel Group” sayyohlik kompaniyasi rahbari Vladislav Koryagin, Latviya sayyohlik agentliklari va operatorlari uyushmasi (ALTA) ijrochi direktori Astrida Trupovnietsa hamda Latviya, Litva, Estoniya va Finlyandiyaning blogerlari, OAV inflyuyenserlari va matbuot vakillari boʻlishdi.
Faxriy mehmonlar uchun Universitet kampusi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi, delegatsiya a’zolari universitet tarixi, o‘quv jarayonida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnologiyalar, laboratoriyalar, anjumanlar zali, sport zali va Universitet kutubxonasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Tashrif davomida ularga O‘zbekiston, xususan, Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan prezentatsiya taqdim etildi.