O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi tomonidan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kutubxonasiga noyob kitob va jurnallardan iborat yangi to‘plam sovg‘a qilindi.
Ushbu kitoblar Hindiston tarixi, madaniyati va turizmi hamda adabiyoti va me’morchiligiga bag‘ishlangan bo‘lib, ilmiy izlanish va o‘quv jarayonlarida professor-o‘qituvchi va talabalarimizga, shubhasiz, katta foyda keltiradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov rahbarligida kutubxonaga qisqa vaqt ichida, turizm, san’at, tarix, arxeologiya, etnologiya, geosiyosat, iqtisod, madaniyatshunoslik, dinshunoslik, dizayn, haykaltaroshlik, me’morchilik, madaniy meros kabi sohalar dunyoning barcha burchaklarida nashr etilgan 20 mingga yaqin kitob yetkazib berildi.
Universitet kutubxona fondiga mamlakatimizning xorijdagi diplomatik muassasalari ham o‘zining bebaho hissasini qo‘shmoqda.