Ma’lumki, oxirgi yillarda O’zbekistonda gender tenglik va gender masalalariga keng e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019-yil 17-avgustda O’zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi Qonuni qabul qilindi. Yurtimizda ushbi qonunda belgilangan vazifalar bo’yicha tegishli sohalar kesimida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida joriy yilning 27-oktyabr kuni Xotin-qizlar maslahat kengashining navbatdagi “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusidagi yig’ilishi noan’anaviy tarzda tashkil etildi. Yig’ilish universitet Xotin-qizlar kengashi raisi M.Abbasovaning “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish tarafdorimiz” haqidagi ma’ruzasi bilan ochildi. Unda yurtimizdagi gender masalalariga doir statistik ma’lumotlar berildi, oilaviy zo’ravonlikning kelib chiqish sabablari, gender muammolariga e’tibor qaratishning global asoslari borasida keng qamrovli va asosli munosabat bildirildi.
Universitet Axborot-resurs markazi yetakchi mutaxassisi A.Izbasarova kutubxona fondida saqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida belgilangan va ayollarni himoya qilishga qaratilgan qonunlar haqida so‘z yuritdi. Zo‘ravonlik shakllariga to‘xtalib, ularga atroflicha yondashdi. Shuningdek, ma'naviy-axloqiy ta'sirga ega bir nechta roliklarni taqdim etdi.
“Turizm menejmenti” fakulteti dekani R.Toshniyozova ham so’zga chiqib, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishning mustahkam asosini yaratish va bu yoʻlda oliy ta’lim tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik, oilaviy munosabatlar, talim muassasalarida ijtimoiy-ma‘naviy muhit barqarorligini ta‘minlashda xotin-qizlarning o‘rni, talabalarning kiyinish madaniyati, ijtimoiy masalalari to‘g‘risida fikr yuritdi.
Universitet psixologi D.Turdiyeva zo‘ravonlikning psixologik aspektlariga batafsil to‘xtalib, insonning ma'naviy, jismoniy va ruhiy qiyofasiga nechog‘lik ulkan ta'sir ko‘rsatishini ochib berdi. Universitetda psixologik xizmat yo‘lga qo‘yilganligini ham ma'lum qildi va talaba qizlarni har doim qo‘llab-quvvatlashini aytdi.