Dushanba, 06 Fevral 2023 18:50

Is gazidan himoyalanish va is gazidan zaharlanganda uni davolash usullari

Hurmatli talaba! Is gazidan himoyalanish va is gazidan zaharlanganda uni davolash usullari

Har yili qish oylarida minglab insonlar is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etadi.

Hurmatli talaba, quyida  is gazidan zaharlanishning oldini olishda qanday yo‘l tutish kerakligini eslatib o‘tamiz.

Ma’lumki, is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng ko‘p uchraydigan zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi.  

Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi bo‘ladi.

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Zaharlanishning eng og‘ir hollarida inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga keladi:

  • Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • Nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • Isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • Gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari) ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • Havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari) dan foydalanish;
  • Havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablarga ko‘ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg‘i (gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi hosil bo‘ladi.

Is gazidan zaharlanganda  quyidagi usullar bilan davolash tavsiya etiladi:

Zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Nafas olishi to‘xtab qolganda sun’iy nafas berish lozim. Bu tadbir bemor mustaqil nafas olgunga qadar yoki biologik o‘lim alomatlari paydo bo‘lguncha davom ettiriladi. Badanni ishqalash, oyoqlarga grelka qo‘yish, qisqa vaqt nashatir spirt bug‘larini hidlattirish (nashatir spirti bemor burnidan kamida 1 sm uzoqlikda shimdirilgan paxta yoki marlidan hidlattirish shart. Aks holda spirtning o‘tkir hidi bemorni paralich holatiga olib kelishi mumkin) zaharlanish oqibatlarini tugatishga imkon beradi.

Zaharlanib qolgan kishilar gospitalizatsiya qilinishi kerak. Chunki zaharlanish oqibatida  o‘pka va asab sistemasi tomonidan og‘ir asoratlar vujudga kelishi mumkin. Agar bemor xushida bo‘lsa, tananing yuqori qismini qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatiladi, issiq choy qahva ichiriladi. Is gazidan zaharlanishning barcha darajasida bemorlar shoshilinch holda reanimatsiya yoki toksikologiya bo‘limiga yotqiziladi. Kasalxonadan chiqqan bemorlar umumiy amaliyot shifokori va nevropatolog kuzatuvida bo‘lishi kerak.  

O'qilgan 2561 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar