Chorshanba, 01 Mart 2023 16:50

ZULFIYAXONIM TAVALLUD KUNIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Xotin-qizlar kengashi a‘zolari tomonidan sadoqat saroyining mangu malikasi, xassos ijodkor, nafosatli ayol, O’zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavalludining 108 yilligiga  bag‘ishlangan “Bahor keldi seni so‘roqlab” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

 Tadbirni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Jo’liboy Eltazarov ochib, o‘zbek adabiyoti, chunonchi she’riyatiga to‘xtalib, uning ustunlari bo‘lmish o‘lmas daholar ijodi va hayoti to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Shundan so‘ng so‘z “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a‘zosi Farmon Toshyevga berildi. Asli ijodkor, bir qancha nasriy va nazmiy to‘plamlar muallifi bo‘lgan senatorning talaba yoshlar bilan interaktiv tarzda o‘tgan muloqoti tadbirga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi. Viktorinada faol qatnashgan va to‘g‘ri javoblarni bergan talabalarga kitob sovg‘a qilindi.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpulat Tugalov ijodkor yoshlarga yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar haqida gapirib, qobiliyatli talabalarni hamkorlikka chaqirdi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi shoira Zulfiya Isroilovaning Samarqandlik sevimli shogirdi Hamidahon Karimova o‘z ustozi bilan bog‘liq yorqin xotiralarni to‘lqinlanib gapirdi.

Tadbirda universitet Xotin-qizlar Kengashi qoshida tashkil etilgan “lider qizlar” klubi a‘zolari, talabalar Parlamenti prezidenti hamda a‘zolari faol ishtirok etishdi. Talabalar tomonidan Zulfiyaxonim she’riyati turli tillarda o‘qildi, hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi, Zulfiyaxonim izdoshi - Iqtidorli va ijodkor talaba-qizlarimizning ijodlaridan namunalar tinglandi.

O'qilgan 1840 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar