2023-yil 26-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Amerika Fulbrayt ETA (Fulbrayt yordamchi o‘qituvchisi) Shanel Nassir hamda tillar kafedrasi o‘qituvchilari Gulrux Yusupova va Nargiza Axrorova tomonidan tashkil etilgan “Amerika nutq tanlovi” bo‘lib o‘tdi. Talabalarning notiqlikka qiziqishini oshirishga qaratilgan ingliz tilidagi nutq tanlovida “Ipak yo‘li”ning barcha talabalari ishtirok etish imkoniyati berildi. Saralash bosqichida “Sizningcha, bugungi kunda dunyo duch kelayotgan muammo nimada? Jahon hamjamiyati bu muammoni qanday hal qilishi kerak?” mavzusiga eng yaxshi javob yozgan 11 talaba og‘zaki taqdimot uchun saralab olindi. Tadbir kuni ishtirokchilar jonli nutqlarini Fulbrayt stajyorlaridan iborat mustaqil mehmon hay’ati baholadi. Tanlov ishtirokchilari quyidagi mezonlar bo‘yicha baholandi: mazmun, taqdimot tili va vaqtni boshqarish.
Tanlov natijalariga ko‘ra 3-o‘rin “Plan-119” guruhi talabasi Gulnoza Djiyanovaga; 2-o‘rin – “Int-219” guruh talabasi Sitora O‘zbekova; va 1-o‘rin “Log-119” guruhi talabasi Ramziddin Ergashevga nasib etdi.
Barcha ishtirokchilar va g‘oliblarga esdalik sovg‘alari va sertifikatlar, birinchi o‘rin g‘olibi esa bosh sovrin – Apple AirPods Pro quloqchinlarini qo‘lga kiritishga sazovor bo‘ldi. Barcha ishtirokchilar esdalik sovgʻalari va sertifikatlar bilan taqdirlandi. Tadbirdagi barcha sertifikat va sovg‘alar AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan taqdim etildi.