Joriy yilning 7-iyul kuni “Turk Dunyosi fotograflari uchrashuvi” loyihasi ishtirokchilaridan iborat bir guruh fotograflar “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘lib, ta’lim maskani o‘quv, ilmiy va madaniy hayoti bilan yaqindan tanishdi. 2018-yilda tashkil qilingan ushbu universitetda ta’lim-tarbiya uchun yaratilgan sharoitlar, Turk Dunyosi milliy liboslari hamda Usmonli Davlati arxividan topilgan siyosiy-ijtimoiy aloqalarga oid hujjatlar, Turk Dunyosi vakillari portretlari rasmlar ko‘rgazmasi va 20 mingdan ortiq kitoblar jamlanmasiga ega bo‘lgan kutubxona mehmonlarda juda katta taassurot qoldirdi.
“Men “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati xususida ko‘p eshitganman, bugun bu yerga kelib oliygoh faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lganligimdan juda xursandman”, - deydi “Turk Dunyosi fotograflari uchrashuvi” loyihasi ishtirokchisi Guler Fiday.
Mehmonlar 7-9 iyul kunlari Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylari bilan tanishib, xalqimizning bugungi kundagi hayoti manzaralarini aks ettiruvchi fotosuratlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.