Joriy yilning 16-20 oktabr kunlari Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish doirasida qator tadbirlar ko‘tarinki ruhda tashkil qilindi. Tadbirlarda butun dunyo davlatlarining turizm vazirlari, yetakchi kompaniya rahbarlari, olimlar ishtirok etishdi. 20-oktabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning bosh kotibi Zurab Pololikashvili va tadbir ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurishdi. Mehmonga universitetimiz rektori A.Abduxakimov hamrohlik qildi va oliygohda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi ishlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan oliygohda turizm sohasida ta’lim olayotgan talabalar uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan birga, milliy liboslar galeriyasi tashkil qilingan. Mehmonlarga turizm sohasi tashkil qilingan laboratoriyalar faoliyati yaqindan tanishtirildi. Universitetda amalga oshirilgan amaliy ishlar barcha mehmonlarda juda katta qiziqish o‘yg‘otdi.