Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yutuqlarni xalqimizga keng targ‘ib qilish maqsadida universitetimiz professor-o‘qituvchilari Tоyloq tumanidagi qator mahallalarda bo‘lib turli tadbirlar orqali aholi bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazishmoqda.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 16-yanvar kuni oliygohimizning “Tillar” kafedrasi o‘qituvchilari Dilfuza Ma’rupova va Gulrux Yusupova Tayloq tumanidagi “O‘rtoqishloq” mahallasida bo‘lib, Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarni aholiga targ‘ib qilishdi. Targ‘ibot tadbirida mahalla fuqarolariga mamlakatimizda ta’lim, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berildi. Ma’lumki, bugungi kunda Toyloq tumanidagi barcha mahallalar obod va orasta maskanga aylanib bormoqda. Yaratilayotgan barcha shart-sharoit va imkoniyatlar xalqimizning yanada farovon yashashi yo‘lida qilinayotgan sa’yi harakatlar hisoblanadi.
Tadbirda tumandagi va mahalladagi mutasaddi rahbarlar va faollar ishtirok etishdi. Tadbirning yanada jonli va aholi uchun qiziqarli o‘tishi uchun turli savol-javoblar, o‘yinlar tashkil qilindi va faol ishtirok etganlar taqdirlandi.