Joriy yilning 10-sentabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashivili Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasiga tashrif buyurdi. Zurab Pololikashvili o‘zining tashrifi davomida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduxakimov hamrohligida Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati va ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Xalqaro turizm akademiyasi 2023 yilning oktabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi doirasida ochilgan edi. Akademiyaning o‘quv dasturi Shveysariya mehmondo‘stlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Mashg‘ulotlar chet ellik o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Akademiyani tamomlaganlarga hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so‘ng talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali soha bo‘yicha tajribaga ega bo‘ladi.
– O‘tgan yilgi yubiley sessiyamiz chog‘ida mazkur akademiyani ochganimizda hali bu yerda ishlar yakuniga yetmagan edi. Bugun esa akademiyada butunlay o‘zgacha muhit yaratilganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Dunyoda bunday muassasalar ko‘p emas, Samarqanddagi akademiyamiz ular orasida o‘z imkoniyatlari bilan ajralib turishi, shubhasiz. Ayni paytda Afrika, Lotin Amerikasi davlatlarida ham turizm sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi ta’lim muassasalari tashkil etishga qiziqish bildirilmoqda. Men bugun shunga amin bo‘ldimki, ularga Samarqand akademiyasini namuna qilib ko‘rsatishimiz mumkin ekan. Biz kelgusi yilda Samarqandda turizm uchun kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ikkinchi xalqaro forumni o‘tkazmoqchimiz. Mazkur akademiya esa bunda asosiy baza bo‘ladi.- deydi Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashivili.
Tadbir chog‘ida Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashviliga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining faxriy professori unvoni berildi.