Juma, 16 Oktyabr 2020 19:31

“Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti yangi “smart-kampusi”ning rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi

2020 yil 16 oktyabr kuni ko’hna Samarqand shahrida “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti yangi “smart-kampusi”ning rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Tantanali marosim O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisi va “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimovning kirish nutqi bilan boshlandi. O’z nutqida u ushbu universitetning tashkil etilishi dunyo oliy o’quv yurtlari tarixida o’ziga xos unikal hodisa ekanligini ta’kidladi.

Universitetning ochilishi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi № PF-3815 qarori bilan tasdiqlandi. Universitet hali yosh bo’lishiga qaramay, respublikamizdagi eng mashhur va nufuzli ta’lim dargohiga aylanibgina qolmay, mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasidagi turizm sohasidagi yagona universitet hisoblanadi.

Shuningdek, marosimda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham so’zga chiqib, universitetning jonkuyar rahbariyati, professor-o’qituvchilari, xodimlari va jo’shqin qalbli talabalariga ulkan muvaffaqiyatlar va zafarlar tiladi.

Universitet rektori - Abduhakimov A.A. yangi binoning ramziy kalitini jamoatchilikka taqdim etdi.

Yangi bino universitet rektori, Samarqand viloyati hokimi va “Nuroniy” jamg’armasi Samarqand viloyati kengashi raisi, O’zbekiston Qahramoni Xasan Normurodov tomonidan ochildi va ramziy qizil lenta kesish marosimi o’tkazildi.

Shundan so’ng tashrif buyurgan mehmonlar va OAV vakillarini yangi bino bilan tanishtirish bo’yicha kampus-tur o’tkazildi. O’ziga xos ekskursiya davomida ularga o’quv-ishlab chiqarish kompleksiga kiruvchi mehmonxona xonalari, bar-restoran; eng so’nggi texnologiyalar bilan jihozlangan va 250 kishiga mo’ljallangan konferens-zal; kafeteriy usulida qayta ta’mirlangan oshxona; universal sport zali; shuningdek, cho’milish havzasi namoyish etilib, batafsil ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, mehmonlar eski yo’qlama jurnallari o’rnini bosuvchi, talaba va o’qituvchilarni kuzatuvchi texnologiya bilan jihozlangan o’quv xonalarini ham ko’zdan kechirishdi.

Tantanali marosim universitet rektori Aziz Abduhakimov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning daraxt ekish aksiyasi bilan yakunlandi.

O’quv-ishlab chiqarish kompleksi bo’ylab ekskursiya

Universitet konferens-zali

Oshxona-kafeteriyga tashrif

Sport zali

Ma’ruza zali

Daraxt ekish aksiyasi

Universitetda tashkil etilgan bunday yuksak sharoitlar, taqdim etilayotgan imkoniyatlar, shubhasiz, talabalarni yanada yaxshiroq o’qishga, o’z ustida ishlashga, qobiliyati, salohiyatini to’la namoyon etishga undaydi. O’z navbatida yuqori malakali mutaxassislar universitet nufuzi va salohiyatini yangi bosqichga ko’tarishga intilishadi va bor bilimi, tajribasi, kuchini sarflashga harakat qilishadi.

Turizm sohasini yuksaltirishda, milliy brendni ommaviylashtirish va ilgari surishda “Ipak yo’li” turizm xalqaro universitetining o’rni beqiyosdir.

Ushbu go’zal inshootni shu darajaga yetkazishda quruvchilarning ham o’rni nihoyatda yuqori. Ular eski, noqulay binoni qayta ta’mirlab, uni shaharning eng zamonaviy, ko’rkam arxitektura bezagiga aylantirishdi.

O'qilgan 6114 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar