Dunyo miqyosidagi ekspert, ATECA Holding, AHLEI (American Hotel and Lodging Educational Institute) direktorlar kengashining ijrochi raisi, mehmonxona biznesiga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblar muallifi bo‘lgan janob Mishel Noble “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda mehmonxona biznesini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashishdi. “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talabalarining O‘zbekistonning yetakchi mehmonxonalarida (dual ta’lim konsepsiyasi doirasida) amaliyot o‘tashlari masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘shma o‘quv akademiyasini, universitet talabalari uchun amaliy kurslarni tashkil etishga e’tibor qaratildi. Uchrashuvning yana bir o‘ziga xos xususiyati Mishel Noble o‘zining “Sen-Gaudensdan Samarqandga: mehmonxonaning muvaffaqiyat haqidagi ertagi” (ingl. “From Saint Gaudens to Samarkand – A Hotelier’s Tale of Success”) nomli so‘nggi kitobining taqdimotini o‘tkazdi va uni universitet kutubxonasiga topshirdi.
Bundan tashqari, tomonlar ta’lim tizimida, shuningdek, mehmonxona biznesida rejalashtirilgan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishdi.
Janob Noble tashrif dasturining yakuniy qismida talabalar va universitet xodimlari uchun sayyor ma’ruzasini o‘qidi.