Oʼzbek sheʼriyatining otashnafas shoiralaridan biri, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi shoira Zulfiya Isroilova tavalludining 107 yilligi munosabati bilan 1 mart kuni «Ipak yoʼli» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Xotin-qizlar kengashi tashabbusi bilan tadbir boʼlib oʼtdi.
Tadbirni universitet Xotin-qizlar kengashi raisi M.Аbbosova kirish soʼzi bilan ochib berdib barchani bahor ayyomi, yangilanish fasli bilan tabrikladi. Shuningdek, tadbirda soʼz olgan Turizm menedjmenti fakulьteti boshligʼi Raʼno Toshniyozova shoiraning benazir sheʼriyati haqida toʼxtalib oʼtdi. Shoiraning betakror isteʼdodi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʼusini, olijanob insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda tarannum qilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti hamda ijtimoiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga qoʼshgan ulkan hissasi eʼtirof etildi. Tadbirda shoira Zulfiya ijodidan parchalar oʼqildi. Ona Vatanni, bahorni tarannum etuvchi sheʼrlari yangradi.
“Ushbu tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad, albatta, talaba-qizlar qalbida oʼz ajdodlaridan faxrlanish va ularga munosib voris boʼlishga intilish tuygʼusini jo etish, hayot chorrahalarida matonatli, jasoratli boʼlish, vafodorlik kabi tuygʼularni shakllantirishdan iboratdir. Bunday tadbirlar talabalarni mustaqil fikrlashga, tanqidiy fikrini rivojlantirishga, mustaqil mutolaaga, mulohaza qilishga oʼrgatadi, jamoat boʼlib ishlash muhitini yaratadi. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, bunday tadbirlar tufayli ilm istagi hamda dam olish uygʼunlashadi, talabalarning boʼsh vaqtlari mazmunli oʼtishiga munosib hissa qoʼshadi,- deydi Yoshlar bilan bilan mahallabay ishlash va tadbirlar boʼlimi boshligʼi N.Аbduvaxidova.