Joriy yilning 22-iyun kuni, “Yoshlar oyligi” hamda “Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik” umumxalq yoshlar harakati doirasida, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti anjumanlar zalida dirijor O‘ktam Tilavov va rejissyor Muhammadrasul Mamadaminzoda boshchiligida Samarqand simfonik orkestri “Yoshlik” konsert dasturini taqdim etdi.
Konsertdan ko‘zlangan maqsad o‘zbek simfonik klassikasini yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib etishdan iborat boʻldi. Konsert universitetning barcha xodimlari, talabalari va mehmonlari uchun ochiq bo‘ldi va kutilganidek, zal to‘liq to‘plandi.
Musiqaviy tadbir universitetni haqiqiy teatrga aylantirdi. Bu yerda mumtoz musiqa yangradi, mashhur operalardan ariyalar ijro etildi. Samarqand simfonik orkestri universitet jamoatchiligi va barcha opera ixlosmandlariga mumtoz ijodkorlar ijodiga yangicha nigoh ochdi.
Samarqand simfonik orkestri tomonidan yirik xorijiy va milliy bastakorlarning asarlaridan o‘rin olgan konsert dasturi tinglovchilarga simfonik musiqaning to‘liq teranligi va rang-barangligidan bahramand bo‘lish imkonini bergani e’tiborga molik.