Senat majlisining kun tartibida o‘quv jarayoni, ilmiy faoliyat, shuningdek, universitetning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini yaxshilashga oid muhim masalalar ilgari surildi. Yig‘ilishda prorektorlar, kafedra mudirlari, fakultet dekani, universitet rahbariyati vakillari, shuningdek, Turizm va madaniy meros vazirligi turizm va madaniy meros sohalarida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A. Eshtaev ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2021-2022 o‘quv yili yakunlarini sarhisob qilish boʻldi.
Senat yig‘ilishi birinchi prorektor J.Eltazarovning 2021-2022 o‘quv yilida amalga oshirilgan vazifalar to‘g‘risidagi ma’ruzasi bilan ochildi. So‘ngra J.Eltazarov o‘tgan Senat faoliyati yakunlarini e’lon qilib, hamkasblarini o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi.
Shuningdek, Senat yigʻilishi chog‘ida universitetni yanada rivojlantirish, jumladan, ta’lim va ilmiy faoliyatini, xalqaro miqyosida nufuzini oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni xorijda amaliyot o‘tash masalalari muhokama qilindi.