Joriy yilning 8-iyul kuni Singapur davlatining Hamkorlik tashkiloti bosh direktori janob Kong Vu Mun va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha rahbari Daisy Boon xonimdan iborat delegatsiya a’zolari Samarqand shahrida, xususan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘lishdi. Mehmonlarni universitet birinchi prorektori, professor J.Eltazarov kutib oldi va ushbu xalqaro ta’lim maskanida turizm sohasida tayyorlanayotgan yetuk kadrlar, ularga yaratilgan shart-sharoitlar xususida atroflicha ma’lumotlar berdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston-Singapur davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik natijalari turizm sohasida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Muloqot davomida mehmonlar “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi professional muasassalarni zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlash, turizm sohasida kichik mutaxassislarni tayyorlashda amaliy ko‘mak berish kabilar xususida o‘zaro fikr almashishdi. Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari universitetdagi Turk Dunyosiga oid milliy liboslar galeriyasi hamda kutubxona bilan yaqindan tanishdi.