O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi elchixonasi tomonidan joriy yilning avgust oyida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kutubxonasiga ispan va ingliz tilida kitob va jurnallardan iborat yangi to‘plam sovg‘a qilindi.
Ushbu kitoblar Ispan tarixi, madaniyati, turizmi, adabiyoti va me’morchiligiga bag‘ishlangan bo‘lib, professor-o‘qituvchi va talabalarimizning ilmiy izlanish va o‘quv jarayonlarida bevosita foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori A.Abduxakimov rahbarligida kutubxonaga qisqa vaqt ichida, turizm, san’at, tarix, arxeologiya, etnologiya, geosiyosat, iqtisod, madaniyatshunoslik, dinshunoslik, dizayn, haykaltaroshlik, me’morchilik, madaniy meros kabi sohalarga oid kitob va jurnallar soni 26 ming donaga yetkazildi.
Endilikda professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar universitet kutubxonasida mavjud bo‘lgan ispan tilidagi kitob va jurnallardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.