Joriy yilning 3-noyabr kuni Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Aurelia Bushez xonim tashrif buyurdi. Mehmonni universitet prorektori J.Xoffman kutib oldi. Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kun sayin yuksalib bormoqda. Kuni kecha yurtimizga xususan Samarqandga Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning tashrifi ham ushbu fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi.
Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Aurelia Bushez xonim universitetimizda turizm sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek mehmon yaqinda foydalanishga topshirilgan Xalqaro Turizm Akademiyasida talabalarning sohani chuqur o‘rganishlari uchun yaratilgan xalqaro darajadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Akademiya binosidagi talaba yoshlar uchun yaratilgan barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mehmonda juda katta taassurot qoldirdi. “Ipak yo‘li” tematik ofisining qaytadan restavratsiya qilinib foydalanishga topshirilganligi Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Aurelia Bushezni hayratga soldi.