Joriy yilning 15-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining xorijiy tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish boshqarmasi rahbari Du Chjanyuan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari universitetimizga tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitetimiz rektori A.Abduxakimov kutib oldi. Ta’kidlandiki, bugungi kunda O‘zbekiston hamda Xitoy davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kun sayin mustahkamlanib bormoqda. Bu borada universitetimiz ham Xitoyning qator oliy ta’lim muasassalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek o‘zaro muloqot davomida Xitoy Xalq Respublikasining nashr ishlari boshqarmasi boshlig‘i Du Chjanyuan ham “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti va undagi ta’lim-tarbiya jarayonlari xususida iliq fikrlarni bildirdi va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Tashrif davomida mehmonlar universitetimizdagi milliy liboslar galeriyasi, talabalar uchun yaratilgan turizm laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish bilan birga, oliygoh kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini taqdim qildi.