Kecha, 1-fevral kuni Yaponiyaning Nara prefekturasi ma’muriyatining Xalqaro aloqalar Departamenti rahbari TASUYA HITOMI janoblari boshchiligidagi delegatsiya universitetimizga tashrif buyurdi. Unda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti va Nara prefekturasi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida fikr almashildi. Samarqand bilan birodarlashgan Nara shahri OTMlari talabalari va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros universitesi talabalari ishtirokida oktabr oyida do‘stlik va hamkorlik festivali tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, Nara shahridagi OTMlar bilan professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, yapon va o‘zbek tillarini o‘qitishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.