Seshanba, 06 Fevral 2024 12:46

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bugungi kunning mustahkam poydevori hisoblanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida davlatimiz rahbari jamiyatimizdagi barcha sohalarni qamrab olgan holda ushbu muhim hujjatni qabul qildi. Ushbu hujjat haqiqiy ma’noda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarini belgilab berganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

-  Men ko‘p yillik proffesor-o‘qituvchi sifatida ushbu farmonni diqqat bilan o‘qib chiqdim va O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik qadamlari yuzasidan to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘ldim, - deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor J.Eltazarov.

Ushbu “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ta’lim yo‘nalishi xususan oliy ta’limning keyingi rivojlanish bosqichi uchun alohida bo‘lim ajratilgan. Unda ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari kesimida akkreditatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirishi lozimligi aytilgan. 2018-yilda Muxtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi asosida milliy sertifikatga ega bo‘ldi. Endigi maqsad kelgusida xalqaro attestatsiyadan va akkreditatsiyadan o‘tgan holda dunyodagi Top mingtalik universitetlar qatoriga kirishdan iborat. Hozirda universitetimizda bu borada barcha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari yana bir muhim masala.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son qarori 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar” Dasturining 11-bandida 2024-yil fevral oyiga qadar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlarini hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va ta’lim dasturlarini kuchaytirish uchun qisqa intensiv ma’ruzalar tashkil qilish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish yosh tadqiqotchilarga o‘qish va tadqiqot olib borish imkoniyatini taqdim etish vazifasi qo‘yilgan.

Shuningdek, yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganishga qiziqish yuqori bo‘lgan xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralari faoliyatini tashkil etish belgilanganligini ko‘rish mumkin. Umuman olganda bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ushbu ayni vaqtidagi farmon va qarorlarning ijrosi natijasida barcha sohalarda juda katta islohatlar izchilligi ta’minlanib, xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgarishlarga bosh omil bo‘lib xizmat qiladi.

Jo‘liboy Eltazarov

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro
universiteti Birinchi prorektori, professor

O'qilgan 331 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar