Bugun 22-aprel kuni Koreyaning Kvanju shahri, Kvansan-gu tumani mahalliy Kengashi raisi Pak Byun Kyu va ushbu hududda joylashgan Honam universiteti rektori janob Park Sang Cheol boshchiligidagi rasmiy delegatsiya universitetimizga tashrif buyurdi. Dastlab mehmonlarni oliygohimiz Ma’muriy masalalar bo‘yicha birinchi prorektori, prof. D.Nasimov kutib oldi and delegatsiya a’zolari bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida universitet tarixi, yo‘lga qo‘yilgan o‘quv tizimi va xorij bilan o‘rnatilgan hamkorlik xususida ma’lumot berib o‘tildi. Shuningdek Kvansan-gu tumani mahalliy Kengashi raisi janob Pak Byung Kyu tumanda yaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy hayot, oliy ta’lim muassasalari xususan Honam universitetida mavjud ta’lim yo‘nalishlari haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Koreyaning Honam universiteti o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-19-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan “O‘zbekshunoslik” kafedrasini tashkil qilish yuzasidan anglashuv memorandum imzolandi.
Ma’lumot uchun: Honam universiteti 1978 yilda tashkil qilingan bo‘lib, bugungi kunda 40 dan ortiq ta’lim yo‘nalishida 9200 nafardan ortiq talaba tahsil oladi. Ahamiyatlisi, ushbu universitetda O‘zbekistondan borib ta’lim olayotgan talabalar soni ham anchaginani tashkil qiladi.