2023-2024 o‘quv yili yakuni bilan universitetimizda 218 nafar talaba bakalavr yo‘nalishida tugatib mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. 30 may kuni viloyat hokimligi tashkiliy nazorat guruhi rahbari B. Rahmatullaev universitetimizning rahbarlik va liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan hamda istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan 30 nafar bitiruvchi talaba-yoshlari bilan uchrashdi. Ochiq va samimiy o‘tgan muloqot davomida mutasaddi bugungi kunda bir nechta xorijiy tillarda muloqot qila oladigan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining zukko yosh kadrlari viloyatimizning, respublikamizning yanada gullab yashnashida muhim ahamiyat kasb etishi xususida gapirdi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda universitetimizni bitirgan yoshlar turizm sohasining barcha yo‘nalishlarida namunali tarzda faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan birga joriy o‘quv yilida bitirayotgan talabalarimiz allaqachon nufuzli joylarda faoliyatini boshlab yuborishgan. Tadbirda har bir bitiruvchi talaba bilan samimiy muloqot o‘tkazilib kelgusidagi rejalari haqida ma’lumotlar olindi.