Chorshanba, 24 Iyul 2024 09:46

UNIVERSITET ILMIY SALOHIYATI OSHMOQDA

Ma’lumki, Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev 2023-yil 29-martda mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha. U daromadliligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Yana bir muhim tomoni, kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi” degan edilar.

Darhaqiqat, ushbu salohiyatdan foydalanib, mazkur vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish maqsadida turistik xizmatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, turistik klasterlarning tuzilishi, muammolari va rivojlanish istiqbollarini ko‘rib chiqish hamda klaster yondashuvining nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq qilish, shuningdek, turizm sohasining klaster yondashuvi asosidagi innovatsion rivojlanishini ta’minlash kabi istiqbolli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylandi.

Joriy yilning 20-iyul kuni universitet huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc33/01.02.2022.I.145.01 raqamli Ilmiy kengashning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda universitetning “Ta’lim sifatini ta’minlash va akkreditatsiya” bo‘limi boshlig‘i To‘xtamishov Aziz Qahramonovichning 08.00.17 – «Turizm va mehmonxona faoliyati» ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlaridan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etgan “Klaster yondashuvi asosida turizm sohasini innovatsion rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishining himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Qizg‘in va bahslarga boy o‘tgan dissertatsiya ishi himoyasi natijasiga ko‘ra, Ilmiy kengash a’zolari tomonidan To‘xtamishov Aziz Qahramonovichning 08.00.17 – «Turizm va mehmonxona faoliyati» ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlaridan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan “Klaster yondashuvi asosida turizm sohasini innovatsion rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasi dolzarb mavzuga bag‘ishlanganligi, ilmiy yangiliklari yetarli darajada asoslanganligi va tugallangan ilmiy tadqiqot ishi ekanligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomida (PhD) qo‘yilgan talablariga to‘la javob berishligi e’tirof etildi va tadqiqotchi da’vo qilayotgan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga loyiq deb topildi.

Ma’lumot uchun: “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 33/01.02.2022.I.145.01 raqamli Ilmiy Kengash Muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5270-sonli Qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda turizm va madaniy meros sohalarida faol ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan tadqiqotchilarga o‘zlarining ilmiy yangiliklarini va yutuqlarini ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilish imkoniyatini bermoqda. O‘tgan davr mobaynida Ilmiy kengashda ko‘plab tadqiqotchilarning ilmiy ishlari muhokama qilindi. Ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan tadqiqotchilar Ilmiy Kengashning tegishli qarorlari asosida  08.00.17 – «Turizm va mehmonxona faoliyati» ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlaridan falsafa doktori (PhD)  va fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga erishdilar.

O'qilgan 533 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar