Dushanba, 16 Sentyabr 2024 10:52

ILMIY KENGASH YIG‘ILISHLARI UNWTO TEMATIK OFISIDA O‘TKAZILDI

Ma’lumki, 2023-yil 20-oktyabrda shahrimizda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida UNWTO hamkorligidagi tematik ofis ochilgan edi. “Ipak yo‘li” xalqaro brendi loyihalari, tashabbuslari va tadqiqotlarini olib borish maqsadida tashkil etilgan mazkur tematik ofis bugungi kunda universitetimizning tadqiqotchilari va doktorantlarining doimiy to‘planadigan, ilmiy ishlarini muhokama etadigan, shuningdek ilmiy tadqiqot natijalarini keng jamoatchilikka ma’lum qiladigan sevimli maskanga aylanib ulgurdi. Bu boradi ilmiy tadqiqotchilarga va doktorantlariga yetarli shart-sharoit yaratish, ilmiy tadqiqot mavzulariga oid turli seminarlarni tashkil etish, shuningdek turizm va madaniy meros sohasi bo‘yicha nufuzli mahalliy va xorijiy olimlarni jalb etish orqali ilmiy-tadqiqot mavzulari bo‘yicha mahorat darslarini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan universitet Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi xodimlarining tashabbuslarini alohida e’tirof etish maqsadga muvofiq.

Joriy yilning 10-sentabr kuni UNWTO tematik ofisiga tashrif buyurgan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, universitet rektori Aziz Abduxakimov hamda BMT Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faxriy professori Zurab Pololikashvili tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, bu yerda yaratilgan ilmiy muhitni yuqori baholashdi va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 33/01.02.2022.I.145.01 raqamli Ilmiy Kengashning kelgusidagi barcha yig‘ilishlarini UNWTO tematik ofisida o‘tkazishga ko‘rsatma berdilar. Shu sababli, joriy yilning 13-sentabr kuni UNWTO tematik ofisida universitet huzuridagi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash huzuridagi Ilmiy seminarida universitet tadqiqotchisi Karshiyev Adxam Anvarovichning 08.00.17-“Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha “Hududlarda turizm sohasini strategik rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, universitetning yana bir tadqiqotchisi Xashimova Madina Muradxanovnaning 08.00.17-“Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha “Hududlar ekoturistik salohiyatidan samarali foydalanish yo‘llari” mavzusidagi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi. Qizg‘in o‘tgan seminar muhokamasi jarayonida tadqiqotchilarning olib borgan ilmiy tadqiqot natijalari komissiya a’zolari tomonidan yuqori baholanib, tadqiqotchilarga ilmiy ishlarini “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi 08.00.17-“Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Ilmiy kengashda himoya etishga tavsiya etishdi.

Shuningdek, joriy kunda universitet tadqiqotchisi Xamdamov Amriddin Xamdam o‘g‘lining 08.00.17-“Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha “Turizm sohasida raqamli integratsiya resurslaridan samarali foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan dissertatsiya ishi himoyasi natijasiga ko‘ra, Ilmiy kengash a’zolari tomonidan Xamdamov Amriddin Xamdam o‘g‘lining                   08.00.17-“Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlaridan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan “Turizm sohasida raqamli integratsiya resurslaridan samarali foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasi dolzarb mavzuga bag‘ishlanganligi, ilmiy yangiliklari yetarli darajada asoslanganligi va tugallangan ilmiy tadqiqot ishi ekanligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomida (PhD) qo‘yilgan talablariga to‘la javob berishligi e’tirof etildi va tadqiqotchi da’vo qilayotgan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga loyiq deb topildi.

Bundan tashqari universitet huzuridagi Ilmiy Kengashning mazkur majlisida Kengash raisi A.Eshtayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan universitet Ilmiy Kengashining 2024-yil 20-iyuldagi 7-son qarori tasdiqlanganligini ma’lum qilib, universitet tadqiqotchisi To‘xtamishov Aziz Qahramonovichga 08.00.17 – “Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlaridan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi berilganligini ma’lum qildi hamda iqtisodiyot fanlaridan falsafa doktori (PhD) diplomini tantanali topshirdi. Kengash a’zolari ham To‘xtamishov Aziz Qahramonovichni erishgan muvaffaqiyati bilan qizg‘in tabriklashdi va kelgusidagi ilmiy faoliyatiga ulkan muvaffaqiyalar tilashdi.

Ma’lumot uchun: “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 33/01.02.2022.I.145.01 raqamli Ilmiy Kengash Muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5270-sonli Qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda turizm va madaniy meros sohalarida faol ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan tadqiqotchilarga o‘zlarining ilmiy yangiliklari va yutuqlarini ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilish imkoniyatini bermoqda.

O'qilgan 297 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar