Chorshanba, 09 Oktyabr 2024 12:21

Universitetimizda tashkil qilingan UNESCO kafedrasi madaniy meros va turizm sohalarini rivojlantirshda yuksak maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan

2024-yil 2-3-oktabr kunlari “Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Ipak yo‘li moddiy–madaniy merosini o‘rganish va saqlashning dolzarb masalalari” mavzuidagi birinchi xalqaro anjuman doirasida oliygohimizda UNESCO kafedrasining ham ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu kafedraning ochilish tadbirida UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari S.Noshadi, universitetimizning birinchi prorektori, prof. D.Nasimov, prorektor T.Zou, “Ipak yo‘li” tadqiqot instituti direktori, prof.  M.Yusupova hamda AQSh, Italiya, Niderlandiya, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlardan 100 dan ortiq olimlar ishtirok etishdi.

Xalqaro anjumanda universitetimiz prorektori, prof. T.Zou UNESCO kafedrasining vazifalari va maqsadlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Professor o‘z taqdimotida Ipak yo’li bo’ylab madaniy merosni saqlash va undan foydalanish, mahalliy aholining turmush darajasini yaxshilash, turistik qishloqlarni rivojlantirish va gender tengsizligiga qarshi kurashish kabi masalalar xususida gapirdi.  

Ushbu kafedrada universitetimiz professorlari B.Safarov, T.Zou va M.Siddiqovalar birgalikda o‘z faoliyatlarini olib borishadi. Kafedraning asosiy maqsadi tadqiqot, ta’lim, trening va jamoatchilik bilan muloqotni integratsiyalashgan tizimda targ‘ib qilishdan iborat.

Universitetimiz rektori hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan tashkil qilingan UNESCO kafedrasiga Tadqiqot va Innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, prof. T.Zou rahbarlik qiladi. 

Kafedra “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tashkil qilinib Pekin Xalqaro Tadqiqotlar Universiteti, UNESCO, IICAS va boshqa tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda turizm va madaniy meros bo‘yicha platformani tashkil qildi.

Endilikda ushbu kafedrada xalqaro miqyosda tan olingan yuqori darajadagi tadqiqotchilar, o‘qituvchilar faoliyat olib borishi bilan birga dunyodagi nufuzli ilmiy-tadqiqot insitutlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantiradi.

Shuningdek UNESCO kafedrasi tomonidan Markaziy Osiyodagi turli madaniy meros va madaniy ifodalarni saqlash, targ‘ib qilishni kuchaytirish, turizmni qo‘llab-quvvatlash uchun sohani raqamlashtirish, O‘zbekistonda turistik qishloqlar va kuzatuv punktlarini rivojlantirish kabi maqsadlarga qaratilgan.

O'qilgan 396 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar