"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Koreya milliy ta'lim universiteti vakillari tashrif buyurishdi. (Ma’lumot uchun, ushbu universitet dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatorida bo‘lib, QS reytingida TOP-300 talikdan o‘rin olgan Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlaridan biri hisoblanadi.)
Tashrif davomida mehmonlar universitet rahbariyati tomonidan samimiy kutib olinib, oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi. So’ngra tashkil etilgan uchrashuv doirasida ta’lim sohasidagi ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni o‘rganish, koreys tilida dars berayotgan professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek koreys tilini o‘rganayotgan talabalarni yozgi maktablarga jalb qilish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Mazkur tashrif xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va universitetlararo aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.