Mamlakatimiz va jonajon universitetimiz uchun 2024-yil juda sermazmun va ijobiy yangiliklarga boy yillardan biri bo‘ldi. Kelgusi 2025-yil Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” ham barchamiz uchun ulkan marralarni zabt etadigan va yutuqlarga boy yil bo‘ladi. Shu fursatdan foydalanib Siz azizlarni kirib kelayotgan 2025-yil bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Oilangizga tinchlik-omonlik, o‘zingizga mustahkam sog‘lik va ilmiy faoliyatingizda yuqori marralarni zabt etishingizni tilab qolaman.
Aziz “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari hamda talabalar barchangizga ayonki bugungi kunda turizm sohasi kun sayin yuksalib bormoqda. Soha rivojida Siz azizlarning o‘z o‘rningiz va hissangiz bor. Tan olib aytish kerak, o‘tayotgan 2024-yil universitetimiz uchun ta’lim yo‘nalishida, ilmiy izlanishlarda va xalqaro aloqalar o‘rnatishda samarali yil bo‘ldi. Ushbu amaliy ishlarda universitetimiz jamoasining mehnati va sa’yi harakatlari yotibdi. Ma’lumki, o‘tayotgan 2024-yilda Samarqand shahrida va universitetimizda tashkil qilingan xalqaro darajadagi anjumanlarda universitetimiz professor-o‘qituvchilari bilan birga, talabalarimizning faol ishtiroki va qatnashchilar tomonidan e’tirof etilganligi ham talabalarning nechog‘lik bilimli va zukko ekanligidan dalolat bermoqda. O‘tayotgan yilda Turizm Akademiyasining faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi va ushbu maskanga Germaniya Federativ Respublikasining kansleri Olaf Shol’sning tashrifi ham juda katta yangiliklardan biri bo‘lganligi aytish mumkin. Turizm Akademiyasida yaratilgan imkoniyatlar talaba-yoshlar uchun nazariya bilan amaliyotning uyg‘un ravishda olib borishiga juda katta imkoniyat vazifasini o‘tab kelmoqda. Bundan tashqari universitetimiz dunyoning ko‘plab davlatlaridagi nufuzli universitetlari va tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Bu ham kelajakda akademik va talabalar almashinuvida, o‘zaro tajriba oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2024-yil universitetimiz jamoasining muvaffaqiyatlarining ko‘lami kengligi bilan eng yaxshi yillardan biri sifatida tarixga muhrlanib qoldi. Yangi 2025-yil Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” da jamoa bilan birgalikda ulkan marralarga erishib Prezidentimiz boshchiligidagi islohatlarga o‘z hissamizni qo‘shamiz, degan umiddaman.
Yana bir bor barchangizni Yangi 2025-yil bilan muborakbod etaman. Yangi yil jamoamiz uchun omadli, xayrli va barokatli bo‘lsin!
Hurmat bilan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori A.A.Abduxakimov