Bugun 17-yanvar kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti xotin-qizlar maslahat kengashi raisi M.Abbasova tomonidan oila qurish ostonasida turgan talaba-qizlar uchun “Qiz bola - bo‘lg‘usi oila bekasi, kelajagimiz egasidir” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda davra suhbati va amaliyotni o‘z ichiga olgan mahorat darslari tashkil etildi.
Tadbirda universitet psixologi, 1 va 2-bosqich tyutorlari, professor-o‘qituvchi hamda xodimalar faol ishtirok etishdi. Samarqand shahar “Sug‘diyona” va “Mulla qalandar” mahallalaridan taklif etilgan ko‘pni ko‘rgan nuroniy onaxonlardan M.Mavlyanova, S.Aslamova, L.Nabiyeva hamda O.Aslamovalar tadbir mehmoni bo‘lishdi.
Nuroniy onaxonlar talaba-qizlarga oila, kelinlik va onalik mas’uliyat, ro‘zg‘or sirlari, qaynona-kelin munosabatlari, oilaviy ajrimlarning sabab va oqibatlari haqida ma’ruza qilish bilan birga, o‘z hayot yo‘llari bilan o‘rtoqlashishdi.
Shuningdek, talaba-qizlarga sharqona odob ziynatlaridan hisoblangan kelinlik vazifalarini amaliyotda qo‘llashni o‘rgatishdi. Uchrashuv so‘nggida nuroniy onaxonlar talaba-qizlarga oila muqaddasligi va mustahkamligiga dasturul amal bo‘lishga yordamlashadigan adabiyotlarni taqdim etishdi.
Tadbir barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi tadbirlar hali davom etadi.