2025-yilning 21-yanvar kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Yaponiyaning Nippon sayyohlik agentligi (Nippon Travel Agency) delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiyaga agentlikning biznes strategiyasi departamenti bosh menejeri Naoki Baba boshchilik qildi.
Ma’lumot uchun Nippon Travel Agency (NTA) — Yaponiyaning eng yirik va eng uzoq tarixga ega bo‘lgan sayyohlik kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1905-yilda tashkil etilgan. Kompaniya xalqaro va mahalliy turizm bozorida yuqori darajada tan olingan. NTA o‘z mijozlariga sayohatlarni rejalashtirish, transport, turar joy va ekskursiyalarni tashkil qilish kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi.
Uchrashuv davomida yapon tilini biladigan va turizm sohasiga qiziqqan universitet talabalari uchun Nippon sayyohlik agentligi tomonidan maxsus amaliyot va ish imkoniyatlari taklif qilindi. Ushbu tashabbus nafaqat yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, balki ularga xalqaro tajriba orttirish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Shuningdek, tashrif doirasida universitetimiz va Nippon sayyohlik agentligi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnoma o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va kadrlar tayyorlashda yangi imkoniyatlarni nazarda tutadi.