Payshanba, 24 Fevral 2022 12:35

Kutubxona fondi muzeyshunoslikka oid kitoblarning yangi nashrlari bilan to‘ldirildi

XX asrning ikkinchi yarmida dunyo tarixiy va madaniy yodgorliklarni, tabiiy obyektlarni muzeylashtirish, yangi turdagi muzeylarni yaratish va muzeylarga tashrif buyuruvchilar bilan ishlashning yangi shakllarini izlash davri kirdi. Zamonaviy muzey - bu dunyoning o'ziga xos mini-modeli bo'lib, u odamga haqiqiy dunyoda harakat qilishga yordam beradi. XXI asr boshlarida muzeyning shaxsni tarbiyalash va ta’lim berishdagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. Muzeyning yuqoridagi jihatlarini o‘rganish bilan muzeyshunoslik shug‘ullanadi. Ma’lumki, muzey ashyolarini o‘rganish jarayonida arxeologiya, paleografiya, etnografiya, numizmatika, sfragistika, adabiyotshunoslik va san’atshunoslik metodlaridan foydalaniladi. Muzey ashyolarini restavratsiya qilish va asrab-avaylashda tabiiy fanlarda qo’llaniladigan usullardan, masalan, rentgenografiya, spektrografiyadan foydalaniladi. Psixologiya va pedagogikaga oid usullardan ekspozitsiya va ko‘rgazmalar yaratishda, madaniy-ma’rifiy tadbirlarning turli shakllarini tashkil etishda, muzey tomoshabinlarini o‘rganishda foydalaniladi.

2021-yilda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida “Muzeyshunoslik” nomi bilan yangi yo‘nalish ochildi. Shu munosabat bilan universitet rektori A.Abduhakimov ko‘magida kutubxona fondi har oy muzeyshunoslikka oid turli nashrlar bilan to‘ldirilib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori A.Abduhakimov ta’kidlaganidek: “Muzeyshunoslik – bu rivojlanayotgan ilmiy soha bo’lib,  insonning voqelikka nisbatan o‘ziga xos munosabatini hamda  ushbu munosabat natijasida yuzaga kelgan muzey fenomenini tadqiq etadi, muzey ashyolari orqali ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni saqlash va uzatish jarayonlarini, shuningdek, muzey faoliyatini rivojlantirishni hamda uning asosiy yo‘nalishlarini o‘rganadi”.

Kutubxona peshtaxtalarida talabalarimiz muzeyshunoslikka oid sezilarli darajada kengaygan tematik nashrlarni topishlari mumkin bo’lib, ushbu kitoblar, nafaqat, umumiy nazariy muammolarni, ekspozitsiya va fond ishi masalalarini, shuningdek, muzeylarning marketing va reklama siyosatini, muzeylarning turizm biznesi bilan aloqalarini, muzey ishiga eng yangi axborot texnologiyalarini joriy etish kabi mavzularni ham o’z ichiga olgan.

O'qilgan 3459 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar