Juma, 08 Mart 2024 00:22

8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori A.Abduxakimovning bayram TABRIGI

Jannatmonand yurtimiz-qadimiy va navqiron Samarqandimizning, universitetimizning shon-sharafini tobora yuksaltirishda jonkuyarlik qilayotgan, halol va samarali mehnatlari bilan e’tirofga sazovor bo‘layotgan xotin-qizlar safi yil sayin kengayib borayotgani barchamizni quvontirmoqda.

Bugungi kunda universitetimiz  hayotining eng muhim sohalaridan bo‘lgan ta’lim va tarbiya tizimida, fan va ilmiy xizmat ko‘rsatish sohasida, shu bilan birgalikda jamoat ishlarida ham ayollarimiz yuqori foizlarni tashkil etayotganligi safimizda nechog‘li salohiyat egalari borligini ko‘rsatib turibdi. Universitetimiz ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shayotgan va ularning soni yil sayin ortib borayotganini alohida e’tirof etish joiz albatta. 

Universitetimiz xotin-qizlarini kelajakda davlat va jamiyat boshqaruvida dadillik, shiddat va nafosatni, or-nomus va hayoni o‘zingizga bayroq qilib faollik ko‘rsatishlaringizga ishonaman.

Mamlakatimizda bilimli, oqila, har tomonlama tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatayotgan zukko talaba-qizlarimiz safi yildan yilga kengayib bormoqda. Ularning fan, ta’lim, turizm, san’at, madaniyat sohalarida erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan har qancha faxrlansak arziydi.

O‘zining bor bilimi va tajribasi, salohiyati, g‘ayrat-shijoatiyu tafakkuri bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida butun xalqimizning va o‘z oilasining farovonligi uchun mehnat qilayotgan har bir xotin-qiz el-yurt e’tibori va mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lmoqda.

Yurtimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot bo‘lgan zararli oqim va ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan saqlash, oilalarda, universiteimizda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o‘zi barchamizdan talab etmoqda.  Ana shunday o‘tkir masalalarni yechishda men siz, universitetimiz muhtarama ayollariga, sizlarning aql-zakovatingiz, olijanob fazilatlaringizga tayanishimni, sizlarni o‘zimning eng yaqin maslahatchilarim va safdoshlarim, deb bilishimni fursatdan foydalanib bugun yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman.

Hurmatli xotin-qizlar va talaba qizlar!

Sizlarni 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Sizga sihat-salomatlik, baxt va omad, mehnat faoliyatingiz  betakror yutuqlar va e’tiroflarga to‘liq bo‘lishini tilayman.

Hayotingiz farovon va iqbolingiz baland bo‘lsin!

Oilangiz va yaqinlaringiz baxtiga hamisha bor bo‘ling!

Bahor ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Sizga o‘zimning yuksak hurmatim va

ezgu tilaklarimni bildirib,

Hurmat bilan rektor,

A.Abduxakimov

O'qilgan 398 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar