Juma, 08 Noyabr 2024 14:40

10 noyabr – Ko‘chib yuruvchi hayvonlar kuni

Tabiat chegara bilmaydi. Ayniqsa, ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlari uchun siyosiy chegaralar begona. Shu bois ham ularni asrab-avaylash, bu turdagi hayvonlarning omon qolishi, biologik xilma-xillikni saqlashda xalqaro hamkorlik va transchegaraviy sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega.    

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 1979 yilda Germaniyaning Bonn shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiyasi imzolangan va 1983 yilda kuchga kirgan. Mazkur Konvensiyaga 133 davlat a’zo.  

Jumladan, O‘zbekiston ham Konvensiyaga 1998 yilda qo‘shilgan.  BMTning ushbu Konvensiyasi ko‘chib yuruvchi hayvonlar o‘tadigan davlatlarni, poligon shtatlarini birlashtiradi va butun migratsiya zonasida xalqaro miqyosda kelishilgan tabiatni muhofaza qilish choralari uchun huquqiy asos yaratadi.  2013 yildan boshlab O‘zbekistonda Ko‘chib yuruvchi hayvonlar kunini nishonlash an’anaga aylandi.

Hayvonot olamining turli vakillari vaqti-vaqti bilan faqat tur sifatida yashab qolish uchun xavfli va sillani quritadigan sayohatga chiqadi. Bu jarayonda ularning omon qolishi, xavfsizligi xalqaro hamkorlikni, jipslikdagi sa’y-harakatlarni taqozo etadi. Shu bois ham ushbu sanani nishonlash orqali jamoatchilik va olimlar odamzod yaratgan turli to‘siqlarga uchrab, halok bo‘layotgan ko‘chib yuruvchi hayvonlar muammosiga e’tiborni qaratishni istaydi.    

Joriy yil 31 mayda qabul qilingan “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarorida ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi ijrosini ta’minlash maqsadi ham o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, Samarqandda Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.    

Mazkur qarorda ushbu sana munosabati bilan mas’ul vazirlik va idoralar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar ishtirokida konferensiyalar, davra suhbatlari va uchrashuvlar, tadbirlar tashkil etish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish vazifalari belgilangan.  Ekologik muammolarni yumshatish, biologik xilma-xillikni saqlashda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Tabiatni, hayvonot olamini asrash insoniyat oldidagi vazifa ekanligini unutmaslik lozim.  

O'qilgan 172 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar