Avval xabar berilganidek, (undefined) O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi Vazirligi huzuridagi Turizm qo'mitasi, Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi va Ipak yo'li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashabbusi bilan joriy yilning 17-fevral sanasida Art-rezidensiyada BMT Modeli doirasida Jahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir mavzusi - global iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror turizm rivoji bo'lib, unda 20 ta davlat nomidan yosh delegatlar ishtirok etishdi.
Ma'lumot uchun, Model United Nations (Model UN) — bu talabalar va yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan xalqaro simulyatsion konferensiya bo‘lib, unda ishtirokchilar turli mamlakatlarning vakillari sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) faoliyatini aks ettiradilar. Ushbu tadbir yoshlarga xalqaro diplomatiya, muzokaralar va global muammolarni tushunish imkoniyatini beradi.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad – bu turizm sohasini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, tabiiy resurslarni saqlash va barqaror turizmni rivojlantirishga oid samarali yechimlarni ishlab chiqishdan iboratdir. Delegatlar o‘z mamlakatlarining pozitsiyalarini taqdim etib, iqlim o‘zgarishining turizm sohasiga ta’siri, ekologik xavfsizlik masalalari hamda yangi sharoitlarda barqaror turizmni rivojlantirish strategiyalari yuzasidan fikr almashishdi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, ekologik turizm bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, sayyohlik maskanlarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va mahalliy aholi uchun barqaror turizmni rivojlantirish dasturlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.