7-dekabr kuni, umumxalq bayrami arafasida, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetida Oʻzbekiston Respublikasining asosiy Qonuni – Konstitutsiya qabul qilinganligining 28 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbir dasturi Davlat madhiyasi ijro etish, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi – M.Abbasova va “Turizm menejmenti” fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari – S.Haydarovlarning tabrik soʻzlari, shuningdek, talabalarning chiqishlaridan iborat boʻldi. Tadbirda faol talabalar Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan she’rlarni oʻqidilar, jonli ijroda qoʻshiqlar kuyladilar, musiqa asboblarida chaldilar, shuningdek, milliy raqslarni ijro etdilar.
Tantanali tadbir “Konstitutsiya – bizning kafilimiz!” deb nomlangan fleshmobi bilan yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasining asosiy qonuni, oliy yuridik kuchga ega boʻlgan siyosiy-huquqiy hujjat. 1992-yil 8-dekabrda 12-chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11-sessiyasida qabul qilingan. "Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida"gi Konstitutsiyaviy qonun (1991-yil 31-avgust) ushbu Konstitutsiya uchun asos boʻlib xizmat qilgan. Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish gʻoyasi ilk bor 1990 yil 20 iyunda boʻlib oʻtgan mamlakat Oliy Kengashining 2-sessiyasida ilgari surilgan. Ushbu sessiya Prezident Islom Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiyani tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Uning tarkibiga deputatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning vakillari, davlat hamda jamoat birlashmalari, korxonalar va xoʻjaliklarning rahbarlari, huquqshunos olimlar va mutaxassislar kirgan. Oliy Kengashning 10-sessiyasida komissiya tarkibi qisman yangilangan. Komissiya ishlab chiqqan loyiha matbuotda eʼlon qilinib, keng muhokama etilgan. Konstitutsiyaviy komissiya umumxalq muhokamasi yakunlarini koʻrib, loyihani tuzatib va maʼqullab Oliy Kengash sessiyasida koʻrib chiqishga tavsiya qilgan. Loyiha Oliy Kengash sessiyasida ham moddamamodda muhokama etilgandan soʻng qabul qilingan.