“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talabasi Saidov Abdullo Buxoro shahrida oʻtkazilgan “I Xalqaro yoshlar turistik Forumi” doirasida Buxoro viloyati turizmi elchisi etib saylangani muhim voqeaga aylandi.
Tashabbuskor, intiluvchan, qobiliyatli, har tomonlama namuna koʻrsata oladigan talabalarimiz juda koʻp. Turizm menejmenti fakultetining faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan 3-kurs talabasi Saidov Abdullo universitet ilmiy salohiyatiga qoʻshgan hissasi, ijtimoiy hayotidagi faolligi sabab ushbu lavozimga loyiq koʻrildi.
Har tomonlama namuna koʻrsata oladigan iqtidorli talabamizning shu vaqtgacha erishgan yutuqlari bisyorki, ular eʼtirof va maqtovga loyiq. Jumladan, Saidov Abdullo Toshkent, Samarqand, Buxoroda boʻlib oʻtgan Xalqaro konferensiyalar, anjumanlarda faol qatnashib, samarali va konstruktiv dokladlari bilan chiqish qilgan. Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Yoshlar ovozi” sammitida ham oʻz tashabbusi va faolligini namoyish etgan.
Universitet talabalari orasida oʻtkazilgan tanlov boʻyicha grant yutib, Indoneziyada ikki haftalik amaliyot oʻtab kelgan va u yerda ham Xalqaro anjumanda ishtirok etgan. Shuningdek, Xalqaro konferensiya toʻplamlari, ilmiy sayt va boshqa nashrlarda oʻndan ortiq maqolasi chop etilgan. Bundan tashqari, u universitetda tashkil etilgan va amalga oshirilgan loyihalar muallifi hamdir.
“Turizm menejmenti” fakulteti yetakchisi hisoblangan Saidov Abdulloning istiqboldagi rejalari, orzu-maqsadlari bir talay. Eng muhim maqsadi - Oʻzbekistonning turizm salohiyatini dunyoga koʻrsatish va sayyohlar koʻp boradigan turistik mamlakatlar qatoridan oʻrin olishi uchun xizmat qilishi, hayotdagi shiori: “Ilm olish va sayohat qilish” ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Shijoatli talabamizga ulkan omadlar, yuksak choʻqqilarga erishishni tilab qolamiz!
Dildora Turdiyeva,
Jamoatchilik bilan aloqalar PR boʻlimi uslubchisi