Payshanba, 22 Aprel 2021 13:07

Universitet Bolqon davlatlari bilan hamkorlikni boshladi

Joriy yilning 21-aprel kuni Bolgariya kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash Assotsiatsiyasi prezidenti, Yevropa Ittifoqining kichik va o‘rta biznes uyushmasi direktorlar kengashi a’zosi Xalachev Veselin Savov, shuningdek, “Bolgariya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi, Skopye (Shimoliy Makedoniya Respublikasi) Turizm va menejment universiteti vakili, m.f.d. Krastev Toshko Angelovlar “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga amaliy tashrif buyurdi.

Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri – ikki tomonlama memorandumni imzolash bo‘ldi.

Tashrif doirasida Skopye Turizm va menejment universiteti va “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti o‘rtasida hamkorlik tamoyillari muhokama qilinib, o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatga muvofiq, tomonlar qo‘shma akademik va innovatsion loyihalar, ilmiy-tadqiqot dasturlarini tashkil etish va amalga oshirish, seminar va ilmiy-amaliy konferentsiyalar o‘tkazish, Skopye shahridagi Turizm va menejment universitetida “Ipak yo‘li” universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari stajirovka o‘tash, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy almashishga ko‘maklashish va kadrlar salohiyatini mustahkamlash kabi asosiy yo‘nalishlar borasida kelishuvlarga erishdi.

Uchrashuv faqatgina memorandumlarni imzolash bilan chegaralanmadi. “Ipak yo‘li” universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan sayyor leksiya doirasida Bolgariya Respublikasi va Shimoliy Makedoniya Respublikasining sayyohlik salohiyati bilan tanishishdi.

O'qilgan 3290 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar