Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil, 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5270-sonli qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qarorda turizm ta’limi tizimidagi 50 nafar yosh tadqiqotchilarni dunyoning eng ilg‘or OTMlaridagi magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish uchun "El-yurt umidi" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2022-2023-yillarda jo‘natilishi lozimligi belgilangan. Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha joriy yilning 10-yanvar kuni "El-yurt umidi" jamg‘armasi direktori o‘rinbosari, i.f.n. (PhD) J.Ahmedov va jamg‘armaning mas’ul xodimlari ishtirokida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti magistrlari, doktorantlari va o‘qituvchilari uchun onlayn shaklda amaliy seminar tashkil etildi.
Amaliy seminarda jamg‘armaning 2022-yil uchun e’lon qilingan tanlov shartlari, asosiy tushunchalar va imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Seminarda Turizm va sport vazirligi, Ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish hamda tadqiqotlar departamenti direktori A.Eshtayev ishtirok etdi hamda mamlakatimiz turizm ta’limi tizimidagi yosh izlanuvchilar uchun bu juda yaxshi imkoniyat ekanligi xususida so‘zladi.
Shuningdek, universitet tadqiqotchilari va o‘qituvchilari "El-yurt umidi" jamg‘armasi xodimlaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.