Yangiliklar: Sentyabr 2020

Onlayn simpozium universitetimizning faol ishtiroki bilan tashkil qilindi

2020 yil 2 sentyabrda Buxoroda amalga oshirilgan xalq inqilobiga 100 yil bo’ldi. Buxorolik taraqqiyparvar kuchlar Qizil armiya yordamida amalga oshirgan bu ijtimoiy-siyosiy jarayon natijasida Buxoro shahrining katta qismi butunlay vayron qilingandi. Yangi tuzum o’rnatilgach Yosh buxoroliklardan iborat Fayzulla Xo’jayev boshchiligida Buxoroda xalq hukumati tashkil qilindi. 1920 yil 6 oktyabrda Buxoro amirining yozgi saroyi bo’lgan Sitorai Mohi Xosada Butunbuxoro xalq vakillarining I qurultoyi o’tkazilib, unda Buxoro Xalq Respublikasi (BXR) tuzilganligi qonuniy tasdiqlangan edi. 1920-25 yillar orasida hukm surgan Buxoro Xalq Respublikasi xalqimiz va davlatimiz tarixida alohida iz qoldirgan edi.

Mazkur tarixiy voqyeaga bag’ishlangan O’zbekiston, Turkiya, AQSh va Qozog’iston tarixchi va adabiyotshunos olimlarining xalqaro simpoziumi “Buxoro inqilobining (02.09.1920) va Buxoro Xalq Jumhuriyatining (1920 – 1925) 100 yilligi” deb nomlandi. Samarqand davlat universiteti va Turk ilmiy virtual yig’ilishlar (TÜSAT – Türkbilimi sanal toplantıları) jamiyati tomonidan ZOOM dasturi asosida tashkil qilingan mazkur xalqaro simpozium 2020 yil 2 sentyabr, chorshanba kuni Nur-Sulton vaqti bilan soat 20:00, Toshkent vaqti bilan soat 19:00, Istanbul vaqti bilan soat 17:00, Nyu-York vaqti bilan soat 10:00da boshlanib, qariyb besh soat davom etdi. Simpozium YouTube kanali orqali internetda butun dunyoga jonli namoyish qilindi. Xalqaro forum o’z ishini o’zbek tilida olib bordi.

Simpoziumni kirish so’zi bilan ayni paytda Michigan universiteti (AQSh) professori, taniqli adabiyotshunos va jadidshunos olim Timur Xo’jao’g’li [Timur Kocaoğlu] ochib berdi. U o’z so’zida mazkur tarixiy voqyeaning mohiyatiga to’xtalib, “Buxoro inqilobi”ning yuzaga kelish sabablari, amirlik hokimiyatining ag’darilishi, Fayzulla Xo’jayev (1896 – 1998), Usmon Xo’ja (1878 – 1968), Fitrat (1886 – 1938), Otaulla Xo’jayev (1880 – 1937), Sadriddin Ayniy (1878 – 1954) singari Buxoro jadidlari (Yosh buxoroliklar)ning o’sha so’ronli yillardagi faoliyati, Buxoro Xalq Respublikasining turkiy xalqlar davlatchiligi tarixida tutgan o’rni haqida gapirdi. Timur Xo’jao’g’li 1947 yil Istanbul shahrida BXSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasining birinchi raisi Usmon Xo’ja xonadonida tug’ilgan bo’lib, ko’p yillar davomida Istanbuldagi Marmara va Ko’ch universitetlarida faoliyat ko’rsatdi. “Ozodlik” radiosining o’zbek bo’limida diktor, muharrir va bosh muharrir vazifalarida ishladi. 2011 yildan boshlab Michigan universiteti (AQSh) professori sifatida faoliyat ko’rsatmoqda.

Xalqaro anjuman majlisiga yirik turkolog-olim, "Ipak yo’li" xalqaro turizm universiteti (Samarqand; O’zbekiston) prorektori, professor Juliboy Eltazarov moderatorlik qildi.

Dastlab xalqaro simpoziumni nufuzli shaxslar: O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi, Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov, Turkiya Respublikasining O’zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo Er [Mehmet Süreyya Er], Xalqaro Turk akademiyasi prezidenti (Nursulton; Qozog’iston), professor Darxon Kidirali muxtasar qutlov so’zlari bilan tabriklashdi hamda ilmiy anjuman faoliyatiga muvaffaqiyat tilab qolishdi. Xususan, Turkiya elchisining sof o’zbek tilida qutlov aytishi olqishlarga sazovor bo’ldi.

Xalqaro simpoziumda 17 ilmiy ma’ruza eshitilishi mo’ljallangan bo’lib, unda O’zbekiston, Turkiya, AQSh, Qozog’istondan bo’lgan 15 nafar tarixchi va adabiyotshunos olimlar o’z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Dastlabki ilmiy ma’ruza Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori, oqsoqol olim Sulaymon Inoyatov tomonidan qilindi. Ma’ruzada uch siyosiy tuzum (amirlik, respublika, sovet davri) qolipiga mos tushmagan shaxsiyat – Otaulla Xo’jayev faoliyati haqida so’z bordi. Ma’ruzachining o’zi ham Xo’jayevlar sulolasi vakili bo’lib, u Otaulla Xo’jayevning bevosita nevarasi hamda Usmon Xo’ja va Fayzulla Xo’jayevlarning jiyan nevarasi hisoblanadi. Turkiyalik o’zbeklar orasidan chiqqan taniqli jamoat arbobi, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, professor Ahat Andijon [Ahat Andican] (Istanbul; Turkiya) ma’ruzasida Buxoro Jumhuriyati va Otaturk Turkiyasi qiyosan tahlil qilindi. Buxoro davlat universiteti professori Shodmon Hayitov Buxorodagi jadid harakatining ilk bosqichi va Usmon Xo’ja faoliyati masalalariga to’xtalib o’tdi. Abay nomidagi Qozog’iston milliy pedagogika universiteti professori, akademik Mambet Qoygeldiyev (Almati; Qozog’iston) ma’ruzasida Buxoro Respublikasi va sovet hukumati g’oyalaridagi nomuvofiqlik haqida so’zladi. Gumilyov nomidagi Yevrosiyo universiteti (Nursulton; Qozog’iston) professori Dihan Hamzabekov Buxoro Respublikasidagi qozoqlar va ishbilarmon Mirza Navro’zboy o’g’li haqida to’xtaldi. O’zbekiston milliy universiteti professori, taniqli jadidshunos olim Hamidulla Boltaboyev Abdurauf Fitratning Buxoro Xalq Respublikasi davlatchiligini shakllantirishdagi o’rni xususida fikr yuritdi. Me’mor Sinon universiteti (Istanbul; Turkiya) professori Sulaymon Qiziltuproq [Süleyman Kızıltoprak] o’z ma’ruzasida Istiqlol urushi yillarida Anqara va Buxoro hukumatlari o’rtasidagi aloqalar haqida nodir ma’lumotlarni o’zbek tilida keltirib o’tdi. Marmara universiteti (Istanbul; Turkiya) professori Ahmet Qonlidara [Ahmet Kanlıdere] Buxoro jadidchiligi haqidagi tarixshunoslik (sovet va mustaqillik davrida yozilgan adabiyotlar) masalalariga to’xtalib o’tib, bu mavzuda so’nggi 100 yilda O’zbekistonda va xorijda yaratilgan tadqiqotlarni tahlil qildi. O’zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Tarix instituti grant rahbari, professor Qahramon Rajabov o’z ma’ruzasida Buxoroga 1920 yildagi qizil armiya hujumi xususida so’nggi 100 yilda bildirilgan yolg’on va uydirmalarni fosh qilib, Buxoro fojiasi haqidagi tarixiy haqiqatni keltirib o’tdi. Ipak yo’li xalqaro turizm universiteti (Samarqand; O’zbekiston) prorektori, professor Jo’liboy Eltazarov qilgan ma’ruzada Turkiston Muxtoriyati, Buxoro va Xorazm Xalq Jumhuriyatlari achchiq qismatidan 100 yil keyin chiqariladigan geopolitik xulosalar haqida so’z bordi. Olim 1920-yillarda Markaziy Osiyodagi davlatlarning, jumladan, Buxoro Xalq Jumhuriyatining geopolitik ahvoli bilan 2020-yillarda Markaziy Osiyo post sovet davlatlarining geopolitik mavqyeini qiyoslab tahlil qildi.

 Buxoro davlat universiteti kafedra mudiri, dosent Oybek Rashidov Buxoroda sovet hokimiyatining o’rnatilishi va Fayzulla Xo’jayev haqida to’xtalib o’tdi. Buxoro davlat universiteti o’qituvchisi, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori Dilnoza Jamolova o’z ma’ruzasida jadidlar va qadimchilar orasidagi siyosiy kurashning natijasi o’laroq Buxoro amirligining yiqilishi masalalariga to’xtalib o’tdi.

TİKA (Turkiya xalqaro hamkorlik agentligi)ning markaziy ofisi xodimi doktor Ali Ihson Chag’lar [Ali İhsan Çağlar] o’zbek tilida qilgan ma’ruzada Turk modernlashtirish tarixining yaqqol bir o’rnagi bo’lgan Istanbul-Buxoro o’qidagi uch muhim jihat: Otaturk, Xo’jao’g’li [Usmon Xo’ja] shaxsiyatlari va jadidchilik masalalari xususida so’z bordi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti tayanch doktoranti Feruza Amonova o’z ma’ruzasida Usmon Xo’ja va Fayzulla Xo’jayev ajdodlari sarmoyasining Buxoro amirligi iqtisodiyotidagi o’rni haqida gapirdi. Bu ma’ruzada taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo’jayevning ajdodlari (bobosi va otasi) Qosimxo’ja (XIX asr), Ubaydullaxo’ja (1858 – 1912), amakisi Latifxo’ja hamda atoqli davlat arbobi Usmon Xo’ja (u Fayzulla Xo’jayevning amakivachchasi bo’lgan)ning ajdodlari: bobosi Karomatullohxo’ja (XVIII asr ikkinchi yarmi – XIX asr birinchi yarmi), otasi Po’latxo’ja (XIX asr), ukasi Otaulla Xo’jayev va boshqalarning, xullas, Xo’jayevlar sulolasining Buxoro amirligi paytida o’z sarmoyasini iqtisodiyot rivojlanishiga sarflaganligi haqida yangi ma’lumotlar keltirildi. Nihoyat, so’nggi ma’ruza Michigan universiteti (AQSh) professori, taniqli adabiyotshunos olim Timur Xo’jao’g’li [Timur Kocaoğlu] tomonidan qilinib, unda Usmon Xo’ja va Dushanbe qamali (1921 – 1922 y.) voqyeasining o’zbek, tojik va tatar adabiyotlarida roman, drama va kinoda yoritilishi masalalari tahlil qilindi. Tarixdan ma’lumki, BXSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi raisi va Sharqiy Buxorodagi Favqulodda diktatorlik komissiyasi raisi bo’lgan Usmon Xo’ja 1922 yil boshlarida Dushanbe qamali barbod bo’lgach, avval qizil armiyaga qarshi kurashayotgan qo’rboshilar (Ibrohimbek va b.) safiga o’tgan, so’ngra Afg’onistonga jo’nab ketishga majbur bo’lgan edi...

Ma’ruzalardan keyin qizg’in davom etgan bahs-munozarada asosan ikkita moderator: professorlar Timur Xo’ja va Jo’liboy Eltazarovdan tashqari Namangan davlat universiteti professori Abdulla Rasulov, Tarix institutining ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari doktor Sherzod Mahmudov, Nukus (Qoraqalpog’iston Respublikasi)dan jurnalist Azimboy Otaniyozov va boshqalar faol qatnashdilar. Konferensiyada Timur Xo’jao’g’li yakunlovchi nutq so’zlab, uni tugatdi.

Xalqaro simpozium onlayn tarzda 5 soat davom etib, simpozium qarorini qabul qilishi bilan Toshkent vaqti soat 23:50da yakunlandi. Anjumanda qabul qilingan qarorda “Buxoro inqilobi”ning 100 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan mazkur simpozium materiallari Turkiyada elektron shaklda va O’zbekistonda bosma (kitob) holatida chop etilishi haqida kelishib olindi. Yuz yil oldin o’zbek xalqi va mintaqadagi boshqa xalqlar hayotida muhim rol o’ynagan “Buxoro inqilobi” (undan 7 oy oldin yuz bergan “Xorazm inqilobi” ham) tarixidan bugungi kun uchun zarur bo’lgan xulosa va saboqlar chiqarish lozimligi aytildi.

Xullas, Buxoroda amirlik tuzumining ag’darilishi hamda Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tashkil topishining 100 yillik tarixiga bag’ishlangan mazkur xalqaro simpozium nafaqat O’zbekiston madaniy hayotida, balki butun turkiy xalqlar hayotida muhim voqyea hisoblanadi. Simpoziumda mazkur mavzu bilan shug’ullangan 4 ta davlatdan yetakchi tarixchi va adabiyotshunos olimlarning qatnashuvi, ma’ruzalarda ilgari surilgan yangi g’oyalar, oxori to’kilmagan fikr-mulohazalar va xulosalar bugungi kunda O’zbekistonda ham tarix fani o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqqanligidan dalolat beradi. Shubhasiz, simpozium butun dunyoni qamrab olgan hozirgi murakkab COVID-19 pandemiyasi sharoitida internet orqali onlayn muloqot shaklida tashkil etilib, zamonaviy texnologiya va innovasiyalar asosida o’tkazilganligi tarix sahifalari uchun muhrlab qo’yildi.

Kategoriya Yangiliklar

2018- yilda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Creative Spark Higher Enterprise Programme loyihasi tanlovida ishtirok etib, O‘zbekistonning 24 ta universiteti orasida g‘olib bo‘ldi. Ushbu loyiha 5 yilga mo‘ljallangan. Dastlabki ikki yil mobaynida universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari nafaqat HR, marketing, moliya, ishlab chiqarish va menejment sohalarida tajribasini rivojlantirishga ko‘maklashadigan nazariya va amaliyotni birlashtirgan seminar va ma’ruzalarda, balki Big Idea Challenge tanlovida ham faol ishtirok etdilar. Mazkur tanlov har yili O‘zbekiston talabalari uchun turli yo‘nalishlarda o‘tkaziladi.

2019-2020- o‘quv yilida Creative Spark loyihasi doirasida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida Umida Abduvaxobova koordinatorligida “Ingliz tili” klubi faoliyat olib bordi. Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida universitetga Macmillan va Pearson nashriyotining 90 ga yaqin kitobi CD disklari bilan birga taqdim etildi. Ta’kidlash joizki, ushbu kitoblarning bir qismini badiiy adabiyotlar, qolgan qismini esa “Business English”, “Intelligent English”, “English in Marketing and Management” kabi turli sohaga oid kitoblar tashkil etadi. Mazkur kitoblar Creative Spark loyihasi koordinatori va xalqaro faoliyatni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Alisher Komilovga Toshkent shahriga rasmiy tashrifi chog‘ida topshirildi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, loyiha koordinatori A.Komilov va Queen Margaret University dekani Mark Robertsonning muzokaralari natijasida “Business Incubation” qo‘shma loyihasini ochish kelishib olindi. Unga ko‘ra, universitet talabalari, shuningdek, turizm sohasidagi kichik va o‘rta biznes vakillari uchun biznes treninglar tashkil etiladi. Loyiha doirasida 2020-2021- o‘quv yilining boshida universitet o‘qituvchilari Queen Margaret universitetida (Shotlandiya) amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilamizki, joriy yilda O‘zbekiston loyihasida ishtirok etgan 13 ta universitet orasida faqat “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Creative Spark loyihasida ishtirok etishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Kategoriya Yangiliklar
Seshanba, 01 Sentyabr 2020 20:07

O‘zbekistonning turizm sohasi vakillariga!

Hurmatli gidlar, turoperatorlar, turagentlar, otelyerlar, yo‘l bo‘yi infratuzilma va transport kompaniyalari vakillari, HoReCa, o‘lkashunoslar, tarixchilar, arxeologlar, nodavlat sektor vakillari hamda turizm va mehmondo‘stlik sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha kishilar!

Sizni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi nomidan va o‘z nomimdan Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

So‘nggi yillarda turizm sohasi tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Turizm sohasi vakillari ichki va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha choralarni ko‘rishmoqda, birinchi navbatda, mamlakatimiz hududlaridagi turizm infratuzilmasini yaxshilashga doir faol ishlar olib borilmoqda.

COVID-19 bilan bog‘liq global pandemiya va undan keyin turizm sanoatida yuz bergan butunjahon inqirozdan oldin bizning yurtimizga tashrif buyurishni istagan sayyohlar oqimi kattaligi tufayli O‘zbekiston mehmondo‘stlik sanoati joylar yetishmasligi va transport xizmatlarini ko‘rsatishda qiyinchiliklarga duch keldi. 2020 yilda 8 millionga yaqin chet ellik mehmonlar kelishi kutilgan edi. Afsuski, bu butun dunyoda va mamlakatimizda turizmning to‘xtab qolishi va vaqtinchalik ishsizlikka olib keldi.

Umid qilamizki, tez orada koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz chekinadi va mamlakatimizda turizmni rivojlantirish yo‘lida rejalashtirilgan marralar, jumladan, 2025 yilgacha 10 milliondan ortiq chet ellik mehmonni qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatkichga erishishga oid ishlar boshlanadi.

O‘zbekistondagi turizm sohasi vakillaridan sabr-matonat va birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan global raqobatga tayyorgarlik ko‘rishlarini so‘rayman! Birdamlikda biz barchasiga erishishimiz mumkin!

Bizning oldimizda yangi ish o‘rinlari, turizmning yangi turlarini yaratish, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish, monetizatsiyalash bilan bog‘liq katta vazifalar turibdi. Bu esa, shubhasiz, mamlakatimizdagi aholi farovonligi darajasining oshishiga turtki beradi.

Ayni paytda biz bor kuchimizni ichki va mahalliy turizmni rivojlantirishga yo‘naltirishimiz kerak. Xorijlik sayyohlarni jalb qilish mamlakatimizda sayohat xavfsizligi sharoitlarining yaratilishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Muvaffaqiyat Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borilayotgan saʼy-harakatlarimizga bog‘liq bo‘ladi.

Biz guvohi bo‘lgan turizm sohasidagi islohotlarning dinamikasi va so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar buni isbotladi.

Barchamiz birga O‘zbekistonning tez orada turizm yo‘nalishida dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylanishiga bor hissamizni qo‘shamiz.

O‘zbekiston sayyohlik sanoatining barcha vakillariga Mustaqillik kuni muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov

Kategoriya Yangiliklar
2 dan 2 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar