Yangiliklar: Mart 2022

Dushanba, 28 Mart 2022 10:16

Kishan so‘zlar

     Kishan so‘zini tushuntirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Shu onda barchamizning ko‘z o‘ngimizga mahkum va mahbuslarning qo‘l-oyoqlariga solinadigan zil-zambilday og‘ir zanjirlar kelgani, shubhasiz. Bu ularning qochib ketmasligi maqsadida qilingani aniq. Biz bugun fikr yuritadigan kishan so‘zlarning ma’nosi ham aynan shunday. Bu vaziyatda biz og‘zimizdan chiqayotgan gaplar bilan erkinligimizga qo‘shib, baxt, omad, daromad, mehr-muhabbatga bo‘lgan haqqimizni cheklab qo‘yamiz.

«Qo‘limdan kelmaydi»;

«Men buni qilolmayman»;

«Buning iloji yo‘q»;

«Imkonim yo‘q»;

«Va’da berolmayman»;

«Menga bog‘liq emas»;

«Menga/bizga yo‘l bo‘lsin»;

«Hali mavridi emas»;

«Buni o‘zimga ep ko‘rmayman»;

«Menga ko‘p narsa kerak emas»;

«Bunday masuliyatni bo‘ynimga ololmayman».

     Ushbu so‘zlarni kun davomida necha marta takrorlashimiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aslida, bu Koinotga doimiy ravishda uzatadigan va o‘zimizga qaytib keladigan xabar ekanligi bizni ko‘p ham o‘ylantirmaydi. «Qo‘limdan kelmaydi», «Qanday bo‘larkin?» deb boshlangan ish, albatta, omadsizlikka yuz tutadi, ishonchsizlik, muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Keyingi bosqichda bizda o‘sha ishonchsizlik bilan bo‘lsa-da, qilingan  urinishlar, harakatlarni ham qilmay qo‘yamiz. Natijada, stagnatsiya holatiga tushamiz, maqsadsiz, nursiz kunlar og‘ushida qolamiz.

     Bundan tashqari, nemis olimi, psixoterapevt Nossrat Pezeshkian kishan so‘zlar insonni turli kasalliklarga “dasturlashi”ni bir qator tadqiqotlar orqali isbotladi.

  • “Hammasi bo‘g‘zimga keldi”, “Shuni ko‘rsam/eshitsam, ko‘nglim ayniydi” – asabiy zo‘riqish, nevrologik kasalliklar.
  • “Hamma narsa meni bo‘ynimda!” – osteoxondroz.
  • “Shu hayotdan to‘yib ketdim”, “O‘lay agar, hammasidan charchadim” – saraton kasalliklari.
  • “Shu odamni orqam ko‘tarmaydi/hazm qilolmayman” – oshqozon yarasi.
  • “Bu bola qonimni ichadi” – qon kasalliklari.
  • “Uning gaplari yuragimni teshib o‘tdi”, “Yuragim yorilay dedi” – yurak kasalliklari.
  • “Ovozingni o‘chir, eshitmay seni!” – eshitish qobiliyatining pasayishi.
  • “Boshimni qotirmang”, “Sabr kosam to‘ldi” – depressiya.

      Shunday ekan, nutqingizdagi kishan so‘zlardan halos bo‘ling, og‘zingizdan chiqayotgan jumlalarga e’tibor qarating.

Kategoriya Yangiliklar

Kutubxonamizning Turkologiya va turkiy tillarga oid bo'limi fondi yangi kitoblar bilan to'ldirildi. Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Erol Olgan yaqinda Samarqandga qilgan tashrifida universitetimizning Birinchi Prorektori, turkolog-olim prof. Jo'liboy Eltazarovga bir nechta turkiy tilga oid lug'atlar, bibliografik ko'rsatkichlar bilan qatorda O'zbekistan Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ''Yangi O'zbekiston'' kitobining turk tilidagi nashrini topshirgan edi.

Birinchi Prorektorimiz bu kitoblar jamlanmasini, shuningdek o'z kutubxonasidan bir nechta dissertatsiya va avtoreferatlarni sovg’a qildi.

Quyida kutubxonamizga kelib tushgan ushbu kitoblar haqida qisqacha ma'lumot beramiz:

  • Şevket Mirziyayev. Yeni Özbekistan geleceği büyük devlet.Şahlanan Özbekistan; köklü tarih, aydınlık gelecek. T.C. Kültür ve Turizm Bakanlığı. -İstanbul, 2020. Bu kitobga muhtaram Presidentimizning keyingi yillarda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomalari, respublikamiz parlamenti Palatalarida so'zlagan nutqlari, xalqaro uchrashuvlar, shu jumladan, Turkiy Kengash va Turkiy Davlatlar Tashkilotlari sammitlaridagi chiqishlari matnlari kiritilgan ushbu kitob Turk jamoatchiligi va kitobxonlariga mamlakatimizda davom etayotgan islohotlar, yangilanish hamda yuksalish jarayonlari haqida to'laqonli tasavvur beradi. Kitobga Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T.Erdoğan so'zboshi yozgan.
  • Türkiye dışındaki Türkler bibliografiyasi. I-II.cilt. Bu ikki cildli kitob 1992-yilda nash etilgan bo'lsa-da hanuzgacha o'z ilmiy qiymatini yo'qotmagan. Bu nodir bibliografik manbada Turkiya Respublikasidan tashqarida - Yoqutiston Respublikasidan Bolqon yarimoroligacha, Volga-Ural sohasidan Hindikushgacha, Turkiston, Sharqiy Turkiston, Qrim, Yevropada yashaydigan turkiy xalqlarning tili, adabiyoti, tarixi, madaniyati, san'ati, etnografiyasi, matbuoti haqidagi 10848 manbalar ro'yxati keltirilgan.

Turk olimlarining qariyb 30 yillik tadqiqotlari samamrasi bo'lgan bu ikki cildli asar Turkologiyaning turli yo'nalishlarda tekshirishlar olib borayotgan olim, mutaxassis va izlanuvchilarga katta yordam beradi. Bunday kitobning universitetimiz kutubxonasi fondidan joy olishi quvonarli hodisa, albatta.  Ushbu nodir kitoblarni kutubxonamizga sovg'a qilgan muhtaram Turkiya Respublikasi Elchisi Olgan Bekar janoblariga universitetimiz jamoasi nomidan minnatdorchilik bildiramiz.

Kategoriya Yangiliklar

     2022-yil 24 -mart kuni “Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi M.Abbasova hamda universitetning    2-3-bosqich talabalariga mas’ul  tyutorlar E.Jabbarova,                           G. Xusainovalar bilan birgalikda Ózbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-mart kungi PF-81-sonli va 2022-yil 7-martdagi PF-87-sonli farmonlarining ijrosini ta`minlash  maqsadida  uchrashuv  o’tkazildi. Uchrashuvda “Ayollar daftari”, “Temir daftar”da ro`yxatga kiritilgan qizlar va  guruh tyutorlari, guruh xotin-qizlar kengashi yordamchi qizlari qatnashdi. Uchrashuvda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj  xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, xotin-qizlarning iqtisodiy,  ijtimoiy   va  siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash, ularning tadbirkorligini  qo`llab-quvvatlash, xotin-qizlarning salomatligini  mustahkamlash,  onalik  va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning ta`lim olish  uchun  qo`shimcha  shart-sharoitlar yaratish va ko`pgina  masalalar bo`yicha suhbat  olib  borildi.

Uchrashuv davomida  ko`pgina savollar berildi va takliflar ko`rib  chiqildi.

Kategoriya Yangiliklar

"Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari «Shon-sharaf» davlat muzeyi, «Mangu jasorat» va «Matonat madhiyasi» monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni o'z ichiga olgan «G'alaba bog'i» yodgorlik majmuasiga bordilar.

Talabalarning “Shon-sharaf” muzeyiga tashrifi ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi. Talabalar ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko'rsatgan ko'pmillatli O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G'alabani ta'minlashga qo'shgan munosib hissasi, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlari abadiylashtirilganligi hamda O'zbekiston xalqining yurtimizga evakuatsiya va deportatsiya qilingan turli millat vakillari, xususan, bolalarni bag'rikenglik bilan kutib olishi va ularga har tomonlama amaliy yordam ko'rsatilishi singari tarixiy voqealarning guvohi bo'lishdi

Kategoriya Yangiliklar

«Turkiston» saroyida joriy yilning 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi hamda Zo’r-TV telekanali hamkorligida tashkil etilgan «Quvnoqlar va zukkolar» respublika ko‘rik-tanlovining yarim final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Talabalarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan “Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovining mazkur bosqichi 3 ta shart asosida o‘tkazildi.

Bellashuvda 4 ta jamoa ishtirok etdi va turli shartlar asosida o‘z bilim va mahorati, hozirjavobligi, intellektual salohiyatini namoyish etishdi. Ushbu bellashuvda universitetimizning “Turist” jamoasi ham munosib istirok etishdi.

Jamoaning keyingi faoliyatiga omadlar tilaymiz!

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 18-mart kuni "Ipak yo'li" xalqaro turizm va madaniy merosi universitetiga "Dunyo bo'ylab" telekanali direktori N. To'laganov boshchiligidagi guruh tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida mehmonlar universitet binosi bilan tanishishdilar hamda talabalar va professor-o'qituvchilar uchun telekanal faoliyati, rejalari yuzasidan ma’ruza qidilar. Qayd etilganidek, telekanalning asosiy vazifasi ichki va tashqi turizmni keng yoritish, shuningdek, tomoshabinlarga nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyodagi sayyohlik yodgorliklarining xilma-xilligini namoyish etishdir.

Ma'ruza davomida mehmonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirishdek dolzarb masala borasida talabalarning g'oyalari va takliflarini eshitdilar.

Kategoriya Yangiliklar

"Navro'z" umumxalq bayrami munosabati bilan yoshlar ishlari bo'yicha Agentlik va Samarqand ko'ngillilar maktabi hamkorligida "YouthQuiz"intellektual o'yini tashkil etildi. Mazkur tadbirda "Ipak yo'li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetining 1-kurs talabalari ishtirok etdilar. "Turon" jamoasi faxrli 3-o'rinni egalladi.

"Ipak yo'li" universiteti ma'muriyati talabalarimizni tabriklaydi va g'alabalar bardavom bo’lishini tilaydi!

Kategoriya Yangiliklar
Juma, 18 Mart 2022 11:33

Psixolog minbari

QANOT SO‘ZLAR

     Nutq gigiyenasi haqida eshitganmisiz? Ha-ha, xuddi shunday. Har bir ishda tozalik va pokizalikka rioya qilganimizdek, nutqimizni ham sof holda tutishimiz juda muhim. Chunki qanday so‘zlashsak, shunday yashaymiz. Nimani ifoda etsak, shunga erishamiz.

     So‘zlar – o‘y-fikrlarimiz libosi, ruhiy, jismoniy holatimizni aks ettiruvchi vosita. Og‘zimizdan chiqayotgan har bir so‘z hayotimizga o‘z ta’sirini o‘tkazibgina qolmay, muayyan bir voqealarni ohanrabodek tortish kuchiga ega. O‘z nutqida quyidagi kodli so‘zlardan foydalanish natijasida mo‘jizalar ro‘y beradi va insonni OMAD, MUVAFFAQIYAT, BAXT, FAROVONLIK sari yetaklaydi.

    Ushbu sehrli so‘zlar zahirasi unchalik ham ko‘p emas. Ammo ularning har biri tog‘dek qudratga, ulkan kuch-quvvatga ega. Aynan shu so‘zlar og‘ir dardlarga malham bo‘la oladi, iqtidor, qobiliyatni namoyon etadi. Shu so‘zlar ta’sirida inson o‘z hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishi, tog‘larni talqon qilishi mumkin.

  • Men buni uddalayman!
  • Bu mening qo‘limdan keladi!
  • Men buni xushu xursandchilik bilan bajaraman!
  • Bunga erishishga kuchim, bardoshim, pulim yetarli!
  • Atrofimda faqat yaxshi insonlarga duch kelaman!
  • Minnatdorman!
  • Menga bu yoqadi!
  • Hammasi yaxshi bo‘ladi!
  • Bajonidil!
  • Menga baxt kulib boqdi!
  • Boshimga baxt qushi qo‘ndi!
  • Meni qo‘llab-quvvatlovchi insonlar ko‘p!
  • Naqadar baxtliman!
  • Qanday ajoyib!
  • Alloh barchamizni qo‘llasin!
  • Alloh izni ila hammasiga erishaman!

   Ushbu so‘zlarni o‘zingizga qanot qilib oling va yuksaklik sari parvoz qiling!

  

  Kelgusi safar oyog‘ingizga kishan solgudek kuchga ega so‘zlar haqida fikr yuritamiz. Biz bilan qoling! O‘tkazib yubormang!

 

Kategoriya Yangiliklar

"Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ilk marotaba noyob tadbir – Tedning ilk mustaqil tadbiri bo'lib o'tdi. Unda universitet talabalari ma'ruzachilar sifatida ishtirok etdilar.

Tadbir davomida 7 nafar spiker o'z-o'zini rivojlantirish va motivatsiya bilan bog'liq keng qamrovli masalalarni yoritib berdi. Yosh, shijoatli, muvaffaqiyatli bolalar o'zlarining hayot sharoitlari, muvaffaqiyatsizliklari, ularga muvaffaqiyat qozonishga yordam bergan tajribalari haqida so'zlab berishdi.

"Turizm menejmenti" fakulteti dekani Toshniyazova R: "Universitetda har kuni yangi g'oyalar tug'iladi, kimdir ularni rivojlantirish uchun kuch topadi, kimdir yo'q. Lekin shunga aminmizki, bunday tadbirlar ishtirokchilarning ongida va tomoshabinlarning ongida o'zgarishlarni boshlaydi – ular kimningdir g'oyalari bilan tanishibgina qolmay, balki o'zlarining tajribalarini baham ko'rish jasoratiga ega. Bu domino effekti kabi berilgan g'oyalar ta'siri yangilarini rivojlantirish uchun turtki bo'lib xizmat qiladi.

Kategoriya Yangiliklar

"Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ilmiy tadqiqotlar bo'limi tomonidan tashkil etilgan "Brend himoyasi" mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Uunda Samarqand viloyati intellektual mulkni himoya qilish markazi rahbari S.E.Rahmonov va markazning yetakchi mutaxassisi X.S. O'roqova o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ushbu seminarda marketing yo'nalishi bo'yicha tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdilar.

Seminar yuqori professional darajada tashkil etildi va faol munozaralarga boy bo’ldi.

Kategoriya Yangiliklar
2 dan 4 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar