Yangiliklar: May 2022

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tomonidan Samarqand viloyati mahallalarida har hafta o‘tkazilayotgan ma’rifiy tadbirlar doirasida, Universitet o‘qituvchisi O.Nabiyev Samarqand viloyati, Tayloq tumanidagi “Yangi Hayot” MFYga ishchi tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mahalla fuqarolari va yoshlari o‘rtasida “Bir ziyoli bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida tashkil etilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Yangi Hayot” mahalla fuqarolari va yoshlari tadbirda faol ishtrok etdi. Tadbirda ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida “Yangi O‘zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi” degan fikrlari haqida soʻz yuritilib, mahallalar hududida joylashgan umumta’lim maktablarida hozirda faoliyat yuritayotgan toʻgaraklar haqida axborot berildi. Yigʻilish ishtirokchilari va ma’ruzachilar tomonidan mazkur maktablardagi toʻgaraklar faoliyatini yaxshilash boʻyicha tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, 11-sinfni bitiruvchi oʻquvchilari va ularning ota-onalariga “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida mavjud ta’lim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tadbir qatnashchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga toʻliq va batafsil javoblar olishdi.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 23-may kuni Samarqand shahrining asosiy diqqatga sazovor joyi – Registon maydonida, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi vakillarining Samarqand shahar Prezident maktabi o‘quvchilari bilan norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Turizm va madaniy meros vazirining investitsiyalar, turizm klasterlari va litsenziyalash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Zikrillayev, Turizm sohasida kadrlar tayyorlash va ilm-fanni targ‘ib qilish boshqarmasi boshlig‘i A.Eshtaev, shuningdek, “Ipak yoʻli” universiteti vakillari – birinchi prorektori J.Eltazarov, universitet yoshlar yetakchisi – S.Xaydarovlar ishtirok etdi.

N.Zikrillayev, oʻz nutqida, turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tahsil olayotgan salohiyatli kadrlarni tayyorlash muhimligi haqida so‘z yuritdi. E’tiborlisi, uchrashuvda ishtirok etgan Prezident maktabi o‘quvchilarining aksariyati bitiruvchilar bo‘lib, ularning koʻpchiligi “Ipak yo‘li” universitetiga o‘qishga kirish niyatida.

Registon maydoni maʼmuriyati tomonidan Prezident maktabi oʻquvchilari uchun madrasalar boʻylab sayohat uyushtirilib, mazkur majmuaning tarixi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 23-may kuni Fransiya rivojlanish agentligining vakillari Antuan Shevalye va Arno Demarshelye “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurdilar.

Uchrashuvda Birinchi prorektor J.Eltazarov va Xalqaro grantlarni jalb qilish boʻlimi boshligʻi – Sh.Ramazonov ishtirok etdilar.

Fransiya rivojlanish agentligi 2015-yildan buyon Oʻzbekistonda turli sohalardagi loyihalarni moliyalashtirib kelmoqda. Xususan, Samarqand shahrini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va transport logistika sohasidagi loyihalarni moliyalashtirib keladi. Hozirgi kunga qadar 800 mln yevro miqdoridagi loyihalar moliyalashtirilgan.

Fransiya rivojlanish agentligi va “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti oʻrtasida kelgusida turizm sohasidagi “Logistika” taʼlim yoʻnalishida hamkorlikni yoʻlga quyish rejalashtirildi. Xususan, universitet talabalari Fransiyaning Marsel shahrida joylashgan turizm va transport logistikasi yoʻnalishidagi oliygohda magistratura bosqichida grant asosida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Samimiy ruhda oʻtgan muzokaralarda tomonlar yana bir necha sohalarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 20-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga O‘zbekiston Savdo uyi direktori Vladimir Galperin boshchiligidagi Boltiqbo‘yi davlatlaridan katta delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibiga Latviya sayyohlik agentliklari va operatorlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, “Baltic Travel Group” sayyohlik kompaniyasi rahbari Vladislav Koryagin, Latviya sayyohlik agentliklari va operatorlari uyushmasi (ALTA) ijrochi direktori Astrida Trupovnietsa hamda Latviya, Litva, Estoniya va Finlyandiyaning blogerlari, OAV inflyuyenserlari va matbuot vakillari boʻlishdi.

Faxriy mehmonlar uchun Universitet kampusi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi, delegatsiya a’zolari universitet tarixi, o‘quv jarayonida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnologiyalar, laboratoriyalar, anjumanlar zali, sport zali va Universitet kutubxonasi bilan yaqindan tanishtirildi.

Tashrif davomida ularga O‘zbekiston, xususan, Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan prezentatsiya taqdim etildi.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 20-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining majlislar zalida “British American Tobacco” yirik xalqaro kompaniyasida yozgi stajirovka o‘tash uchun “Karyera kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Korxona vakili, ishga qabul qilish bo‘limi boshlig‘i Qodirova S. “Karyera Starti” dasturi bo‘yicha yozgi stajirovka o‘tashi, nomzodlarni ishga qabul qilish tanlov asosida o‘tkazilishi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “British American Tobacco Uzbekistan” kompaniyasi aynan shijoat va g‘ayratga to‘la, oliy o‘quv yurti talabalarini izlayotgani ta’kidlandi.

Talabalar uchun “BAT Uzbekistan” kompaniyasida yozgi amaliyot o‘tash – bu:

1. qimmatli kasbiy tajribaga ega boʻlish. Siz kompaniyaning barcha joriy va istiqbolli loyihalarida ishtirok etasiz;

2. yirik xalqaro kompaniyaning ish mexanizmlarini ichkaridan oʻrganish. “British American Tobacco” dunyodagi ikkinchi yirik xalqaro tamaki kompaniyasidir;

3. yangi qiziqarli shaxslar, oʻz soha professionallari bilan tanishish imkoni;

4. nafaqat professional darajada rivojlanish: kompaniya xodimlarning shaxsiy oʻsishiga har tomonlama hissa qoʻshadi;

5. va, nihoyat, “BAT Uzbekistan”da yozgi amaliyot oʻtash – talaba uchun – o‘zini isbotlash va martaba o‘sishi kafolatlarini olish imkoniyatidir.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 20-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Koreya festivali” tadbiri bo‘lib o‘tdi va tadbir orqali universitet talabalari Koreya Respublikasining boy madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishdilar. Tadbir Talabalar Parlamenti, o‘qituvchi va tyutorlar sa’y-harakatlari bilan tashkil etildi.

Tadbir davomida koreys xalq qo‘shiq va raqslariga boy bo‘lgan katta konsert dasturi namoyish etildi. Mazkur tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ma’naviy yaqinlikni namoyon etdi.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 17-may kuni “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Xotin-qizlar kengashi raisi M.Abbasova, “Turizm menejmenti” fakulteti dekani R.Toshniyozova va psixolog D.Turdiyeva 5-son talabalar turar-joyiga tashrif buyurishdi.

Universitet vakillari qizlarning yashash sharoitlarini koʻzdan kechirib, oʻquv jarayoni va ijtimoiy hayot bilan bogʻliq muammo va takliflarini tinglashdi. M.Abbasova va R.Toshniyozova talabalarni oʻqish, ilmiy izlanishlar barobarida ijtimoiy faol boʻlish, universitet va jamiyat hayotiga befarq boʻlmaslikka chaqirishdi.

Psixolog D.Turdiyeva talaba qizlarning ruhiy salomatligi, emotsional holatini tekshirish maqsadida psixodiagnostik ishlarni olib bordi. Depressiya va nevrosteniya holatlarini aniqlash boʻyicha test-soʻrovnomalar oʻtkazdi.

Kategoriya Yangiliklar

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tomonidan Samarqand viloyati mahallalarida har hafta o‘tkazilayotgan ma’rifiy tadbirlar doirasida Universitet o‘qituvchisi S.Qurbonova Tayloq tumani “Xonchorbogʻ” MFYga ishchi tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mahalla fuqarolari va yoshlari o‘rtasida “Bir ziyoli bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida tashkil etilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Xonchorbogʻ” mahalla fuqorolari va yoshlari tadbirda faol ishtrok etdi. Tadbir davomida mahalla fuqorolariga hozirgi kunda yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat va sohalarga qaratilayotgan e’tibor haqida ma’lumotlar berib oʻtildi va mahalla yoshlariga kelajakda toʻgʻri kasb tanlash mavzusida suhbatlashildi.

Suhbat davomida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti haqida yaqindan ma’lumot berib oʻtildi.


 

Kategoriya Yangiliklar
Payshanba, 19 May 2022 09:56

Navbatdagi "Zakovat" haftalik oʻyini

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari turkumi doirasida navbatdagi turnir o‘tkazildi.

Haftalik intellektual o‘yinlar yangi bilim va tajriba orttirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Kategoriya Yangiliklar
Chorshanba, 18 May 2022 17:28

Hurmatli talabgorlar!

Hurmatli talabgorlar! 08.00.17 - «Turizm va mehmonxona faoliyati» ixtisosligi bo‘yicha malakaviy imtihon topshirish sanasi va vaqti ma’lum bo‘ldi. Malakaviy imtihon yozma shaklda 2022-yilning 26-may kuni soat 14:30 dan 15:30 qadar  “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti binosining 230-xonasida bo‘lib o‘tadi.

Kategoriya E'lonlar
3 dan 5 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar