Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashish, muammolarini hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng-ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
2023-yil 4-avgust kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Birinchi prorektori, professor J.Eltazarov boshchiligidagi universitet xodimlari adashgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, kasbga o‘rgatish, o‘qitish va ish bilan ta’minlash maqsadida Samarqand shahridagi “Bog‘i Feruza” mahallasida yashovchi yoshlar bilan uchrashdi. Dastlab universitet mutasaddilari “Bog‘i Feruza” mahallasida yashovchi, Mehrangiz Tuyg‘unova istiqomat qiladigan xonadonda bo‘lib, uning yashash tarzi, muammolari, qiziqishlari va kelgusi rejalari bilan yaqindan tanishdi.
Bugungi kunda “Bog‘i Feruza” mahallasida yashovchi Umida Irgasheva ham o‘zini o‘zi band qilgan holda ayollar sartaroshi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Umida davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘zining yashab turgan xonadonida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda, hech qanday moddiy yordamga muhtoj emasligi, aksincha yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan alohida e’tibordan mamnun ekanligini ta’kidladi. Uchrashuv so‘nggida yoshlarga kitoblar tuhfa qilindi.