Payshanba, 12 Noyabr 2020 17:00

“Ipak yoʻli” universiteti kasaba uyushmasi raisi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi VIII qurultoyida ishtirok etdi

Joriy yilning 11-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII Qurultoyida 2016 – 2020-yillardagi ishlar natijalari sarhisob qilindi va milliy taraqqiyotning hozirgi bosqichidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Qurultoyda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti kasaba uyushmasi raisi Matlabov Sodiq Norqulovich faol ishtirok etdi.

Qurultoy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi bilan boshlandi. Tabrikni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan kasaba uyushmalari harakati faollariga yuborilgan murojaatida mamlakatning kasaba uyushmalari faoliyatining O'zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning turmush farovonligini oshirish, dolzarb muammolarni hal qilishdagi ulkan ahamiyati qayd etildi.

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov soʻzga chiqib, ishtirokchilarni 2016-2020 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirib, ustuvor vazifalarga eʻtibor qaratdi. Xususan, u soʻnggi 4 yilda mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash va xalq farovonligini oshirishga qaratilganligini ta’kidladi.

Qurultoyda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2021-2025 yillarga moʻljallangan strategik yoʻnalishlari, yangi tahrirdagi Federatsiya Nizomi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi taftish-nazorat komissiyasining yangi tahrirdagi Nizomi tasdiqlandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Qurultoy natijalaridan biri O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 11 noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” deb e’lon qilinishi hamda xalqaro standartlarga javob beradigan kadrlar tayyorlash uchun Kasaba uyushmalari akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi boʻldi.

O'qilgan 4888 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar