Yangiliklar: Iyun 2022

Payshanba, 02 Iyun 2022 10:06

Hamma oʻz qarichi bilan oʻlchaydi!

Bir bolakay poyafzalini dengizda yoʻqotib qoʻyibdi. Shunda sohilboʻyiga borib, “Dengiz – oʻgʻri!” deb yozib ketibdi.

Sal nariroqda esa baliqchining omadi chopibdi va juda ham koʻp baliq ovlabdi. Xursandchiligidan dengiz sohiliga “Dengiz - sahiy” deb yozib qoʻyibdi.

Yoshgina yigit dengizda choʻkib, vafot etibdi. Farzand dogʻida ado boʻlgan ona sohilga kelib, yigʻlab-yigʻlab “Dengiz - qotil” deb yozib ketibdi.

Keksa otaxon suv boʻyiga kelib, dengizdan juda koʻp durlar topib olibdi. Shunda u xursand boʻlib, dengiz sohiliga “Karomatli dengiz” deb yozib  ketibdi.

Soʻngra dengiz toʻlqinlari sohilga yozilgan barcha yozuvlarni oʻchirib yuboribdi...

... Shunday ekan, boshqalarning gap-soʻzlariga parvo qilmang. Zero, har bir shaxs dunyoga oʻzining nazari bilan boqadi.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 1-iyun kuni Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Bulent Bayram boshchiligida Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida mehmonlar universitetning birinchi prorektori – prof. J. Eltazarov bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muzokaralar stolida universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni va turli sohalarda o‘zaro manfaatli almashinuvni rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi. Professor Bulent Bayram o‘zining shaxsiy kolleksiyasidan “Ipak yo‘li” universiteti kutubxona fondiga noyob kitoblarni sovg‘a qildi.

O‘z navbatida, birinchi prorektor prof. J.Eltazarov faxriy mehmonlarni universitetning turizm sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘quv va ilmiy faoliyati bilan tanishtirdi.

Ma’lumot uchun: Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti Turkiston davlat universiteti negizida 1991-yil 6-iyun kuni tashkil etilgan. Universitetda 6 ta ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud: turkologiya, ekologiya, arxeologiya, tabiiy fanlar, tibbiyot va Yevrosiyo. Universitetda 3 ta ilmiy va 2 ta axborot jurnali nashr etiladi: “Bilig” xalqaro ilmiy jurnali va “Turkologiya” ilmiy jurnali, shuningdek, “Olam xabarnomasi”, “Ayxaber” va “Elmaya” ijtimoiy-kognitiv jurnal.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 1-iyun kuni Indoneziyaning Bandung pedagogika universiteti rektorati delegatsiyasi Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi – E.P. Sunario Kartadinata va elchixonaning elchi-maslahatchisi – Rofita Jamafar xonim bilan birgalikda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurishdi.

Uchrashuv davomida janob E.P. Sunario Kartadinata “Ipak yo‘li” universiteti kutubxona fondiga ilmiy adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalar to‘plamini sovg‘a qildi. Taqdim etilgan kitoblar Indoneziyadagi turizm, madaniyat va urf-odatlarga oid soʻnggi tadqiqot ma’lumotlarini oʻz ichiga oladi.

Indoneziya elchixonasi vakillarining tashrifi chogʻida “Ipak yoʻli” xalqaro universiteti va Bandung pedagogika universitetining oʻquv, ilmiy va akademik faoliyatida axborot almashinuvi istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari talabalari va tadqiqotchilari uchun zarur ma’lumotlarni to‘siqlarsiz olish imkonini beruvchi yuqorida qayd etilgan oliy o‘quv yurtlari kutubxonalar ma’lumotlaridan o‘zaro onlayn tarzda erkin foydalanish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 31-may kuni “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Xotin-qizlar kengashi raisi M.Abbasova tashabbusi bilan talabalar turar-joyida istiqomat qilayotgan yigitlar oʻrtasida “Oila va Vatan oldidagi masʼuliyatim” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda “Turizm menejmenti” fakulteti dekani R.Toshniyozova, psixolog D.Turdiyeva, universitet Yoshlar yetakchisi S.Haydarov, tyutor B.Allamurodov ishtirok etishdi.

Xotin-qizlar kengashi tomonidan talaba qizlar oʻrtasida doimiy ravishda oʻtkazib kelinayotgan yigʻilishlarning bu galgi mehmoni – universitetning barno yigitlari boʻlishdi. Bahs-munozara shaklida oʻtgan davra suhbati yigitlarning oʻz oʻy-kechinmalarini bildirish imkonini berdi va ularning nechogʻlik ilgʻor, teran va mustaqil fikrli ekanligini namoyon etdi. Ular “Vatan oldidagi burchimiz nimadan iborat?”, “Siz oilaviy hayotga tayyormisiz?”, “Oilada erkakning oʻrni qanday boʻlishi kerak?”, “Oila va nikoh tushunchalariga munosabatingiz”, “Oilaviy nizolar va ularning qanday turlarini bilasiz?”, “Hiyonat va sadoqat tushunchalarini izohlang” kabi savollariga javob berishdi.

M.Abbasova, R.Toshniyozova, S.Haydarov oʻz hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, yigitlarga qimmatli maslahat va tavsiyalar berishdi. Oʻz navbatida, oila atalmish qurgʻonni qadrlash, avaylash, uni muqaddas sanash, masʼuliyatli boʻlishga chaqirishdi. D.Turdiyeva esa masʼuliyat tushunchasining psixologik aspektlari haqida toʻxtalib, uning inson hayoti, shaxs kamoloti uchun nechogʻlik muhim ekanligini tushuntirdi.

Kategoriya Yangiliklar
4 dan 4 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar