2022-yilning 9-noyabr kuni Tokiodagi Imperator saroyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovga “Chiqayotgan Quyosh Katta Kordon Ordeni"ni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. An’anaga ko‘ra, ordenni Yaponiya imperatori Naruxito Bosh vazir Fumio Kishido ishtirokida topshirdi.
Aziz Abduhakimovning “Chiqayotgan Quyosh Katta Kordon Ordeni" bilan taqdirlanishi Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi e’tirof etilganini tasdiqlaydi.
Bu orden 1875-yildan beri berib kelinayotgan bo’lib, Yaponiyadagi eng qadimgi va "Chiqayotgan Quyosh Ordeni"ning eng yuqori darajasi (6-daraja) hisoblanadi.
Samarqand Arxeologiya instituti, Samarqand davlat universiteti va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamkorligida 2024 yilning 4-martidan, 6-apreliga qadar "Tosh davri arxeologiyasi" mavzusida o‘quv amaliy seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Ushbu seminarda 11-mart kuni eronlik mutaxassis Dr. Morteza Khanipour o'zining "Eronning Janubiy Zagrosida Epipalaeolitdan neolitga o'tish " nomli ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
2024-yil 7-mart kuni universitetimizda turizm va madaniyat sohasi mutaxassislari uchun beshinchi ilmiy-amaliy seminar tashkil qilindi. Oliygohimiz professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan seminarda Pekin Union universiteti turizm maktabi professori, doktor Sun Yehong ma'ruza qildi. Seminarni universitetimiz ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, prof. Toni Zou olib bordi.
Doktor Sun Yehongning taqdimoti “Madaniy meros turizmini rivojlantirishda chegara nazariyalari va eng yaxshi amaliyotlar" mavzusiga bag‘ishlandi.
Shuningdek Pekin Union universiteti turizm maktabi professori, doktor Sun Yehong agrar turizmni rivojlantirish xususida o‘z fikrlarini bildirdi. U FAO (Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti) va YUNESKO tomonidan taklif qilingan muhim qishloq xo'jaligi merosi ob'ekti kontseptsiyasini taqdim etish bilan birga, qishloq joylarida qishloq xo'jaligi landshaftlari va nomoddiy madaniy meroslarni ro'yxatga olishga alohida e'tibor qaratish lozimligi xususida gapirdi.
Doktor Sun Yehongning mavzu yuzasidan qilgan tahliliy ma’ruzasi va taqdimoti universitetimiz professor-o'qituvchilari va talabalarida qiziqish o‘yg‘otdi. Ma'ruzadan so'ng doktor Sun Yehong o'qituvchilar va talabalarning savollariga batafsil javob qaytardi.
Joriy yilning 6-mart kuni Ilmiy tadqiqotlar bo'limi boshlig'i Nargiza Mansurova tomonidan universitet "Tarix va madaniy meros" kafedrasi professor-o'qituvchilari uchun ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirishda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar yuzasidan seminar trening o‘tkazildi.
Tadbirda professor-o‘qituvchilarga ilmiy maqolalar yozish va ularni nufuzli xalqaro jurnallarda chop ettirish va bu orqali universitet ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro akkreditatsiyadan o'tish hamda ilmiy salohiyatning yuqori bo'lishini ta’minlash xususida zarur tavsiyalar berildi. Seminar-treningda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarildi.
Joriy yilning 6-mart kuni universitetimiz Turizm kafedrasi o'qituvchisi Muhammad Shahparan va ikkinchi bosqich log - 122 guruh talabalari turizm sohasidagi barqaror transport bilan tanishish maqsadida Toshkent Politexnika muzeyiga tashrif buyurishdi. Transport turizm faoliyatining muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Transport va turizmni rivojlantirish o'rtasidagi munosabatlar juda muhimdir, chunki u turizm sohasini rivojlantirishga katta hissa qo'shadi. Ko'zlangan maqsad talaba yoshlarimizni turizm sohasida barqaror transport amaliyoti bilan tanishtirish, yuqori darajadagi nazariya va amaliy bilimlarni taqdim etish, shuningdek, ularning malakasini oshirishdan iborat.
Joriy yilning 11-Mart kuni Koreya madaniy merosini targ‘ib qilish byurosi bosh direktori Chae Su-hee xonim hamda Koreya madaniy meros fondi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i janob Na Jeong-hee boshchiligidagi delegatsiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida Koreya madaniy meros fondi tomonidan arxeologiya, muzeyshunoslik va madaniy meros sohalariga oid Koreya adabiyotlarini universitet kutubxonasiga taqdim etishdi. Koreya tomonidan universitet kutubxonasiga 500 dan ortiq kitoblar topshirildi va talabalar uchun yangi kitoblardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi.
-Koreya madaniy meros fondining hamda universitetning 2022-2030 yillarga mo‘ljallangan loyihasida Samarqand arxeologiya instituti hamda “Ipak yo‘li” urizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari bilan turli tarixiy obidalarda qazishma ishlarini olib borish hamda sohaga taalluqli turli adabiyotlarni, ilmiy ishlanmalarni oliygoh kutubxonasiga topshirish ko‘zda tutilgan,-deydi Koreya madaniy merosini targ‘ib qilish byurosi bosh direktori Chae Su-hee.
Dastlab universitet mutasaddilari delegatsiya a’zolari bilan muzokara o‘tkazilshdi va unda ikki tomonlama manfaatli loyihalar xususida fikrlar bildirildi. Shundan so‘ng mehmonlar universitetimiz professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda bugungi kunda xalqaro aloqalar natijasidagi amaliy ishlar xususida ma’lumotlar berildi.
Joriy yilning 7-mart kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 26-fevraldagi 15-son bayoni ijrosini ta’minlash va talaba-qizlar o‘rtasida milliy hamda zamonaviy liboslarni keng targ‘ib qilish maqsadida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda oliygohimiz yoshlar bilan mahallabay ishlash va tadbirlar bo‘limi tomonidan tashkil qilingan tadbirda oliygohimiz tyuterlari, “Students Parlament” a’zolari hamda birinchi bosqich talabalari ishtirok etishdi. Tadbirni oliygohimiz yoshlar bilan mahallabay ishlash va tadbirlar bo‘limi boshlig‘i N.Abduvaxidova kirish so‘zi bilan ochib bugungi kunda xalqimizning milliy urf-odatlari va milliy hamda zamonaviy liboslarni keng targ‘ib qilish muhim vazifalardan biri ekanligi xususida gapirdi. “Fashion day” tadbirida talaba-qizlarimiz o‘zaro jamoalarga bo‘lingan holda milliy kiyimlarda chiqib kelishdi. Shundan so‘ng talaba qizlar tomonidan adras, atlas, beqasam kabi xalqimizning milliy matolaridan tikilgan liboslari hamda o’zida milliylikni aks ettiruvchi urf-odatlarimiz namoyish qilindi va har bir chiqish hakamlar tomonidan baholab borilib, yakunda g‘oliblar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jannatmonand yurtimiz-qadimiy va navqiron Samarqandimizning, universitetimizning shon-sharafini tobora yuksaltirishda jonkuyarlik qilayotgan, halol va samarali mehnatlari bilan e’tirofga sazovor bo‘layotgan xotin-qizlar safi yil sayin kengayib borayotgani barchamizni quvontirmoqda.
Bugungi kunda universitetimiz hayotining eng muhim sohalaridan bo‘lgan ta’lim va tarbiya tizimida, fan va ilmiy xizmat ko‘rsatish sohasida, shu bilan birgalikda jamoat ishlarida ham ayollarimiz yuqori foizlarni tashkil etayotganligi safimizda nechog‘li salohiyat egalari borligini ko‘rsatib turibdi. Universitetimiz ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shayotgan va ularning soni yil sayin ortib borayotganini alohida e’tirof etish joiz albatta.
Universitetimiz xotin-qizlarini kelajakda davlat va jamiyat boshqaruvida dadillik, shiddat va nafosatni, or-nomus va hayoni o‘zingizga bayroq qilib faollik ko‘rsatishlaringizga ishonaman.
Mamlakatimizda bilimli, oqila, har tomonlama tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatayotgan zukko talaba-qizlarimiz safi yildan yilga kengayib bormoqda. Ularning fan, ta’lim, turizm, san’at, madaniyat sohalarida erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan har qancha faxrlansak arziydi.
O‘zining bor bilimi va tajribasi, salohiyati, g‘ayrat-shijoatiyu tafakkuri bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida butun xalqimizning va o‘z oilasining farovonligi uchun mehnat qilayotgan har bir xotin-qiz el-yurt e’tibori va mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lmoqda.
Yurtimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot bo‘lgan zararli oqim va ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan saqlash, oilalarda, universiteimizda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o‘zi barchamizdan talab etmoqda. Ana shunday o‘tkir masalalarni yechishda men siz, universitetimiz muhtarama ayollariga, sizlarning aql-zakovatingiz, olijanob fazilatlaringizga tayanishimni, sizlarni o‘zimning eng yaqin maslahatchilarim va safdoshlarim, deb bilishimni fursatdan foydalanib bugun yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman.
Hurmatli xotin-qizlar va talaba qizlar!
Sizlarni 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Sizga sihat-salomatlik, baxt va omad, mehnat faoliyatingiz betakror yutuqlar va e’tiroflarga to‘liq bo‘lishini tilayman.
Hayotingiz farovon va iqbolingiz baland bo‘lsin!
Oilangiz va yaqinlaringiz baxtiga hamisha bor bo‘ling!
Bahor ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Sizga o‘zimning yuksak hurmatim va
ezgu tilaklarimni bildirib,
Hurmat bilan rektor,
A.Abduxakimov
140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17
dummy+99866 240-67-68
dummy info@univ-silkroad.uz