Administrator

Administrator

Yakshanba, 01 Noyabr 2020 14:05

Samarkand Half Marathon: ezgulik sari yugurish

Bugun, 2020-yil 1-noyabr kuni Samarqand shahrida "Samarkand Half Marathon" xayriya yarim marafoni doirasida yugurish bo‘lib o‘tdi.

Samarkand Half Marathon – Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda har yili o‘tkaziladigan xayriya tadbiridir.

E’tiborli jihati shundaki, yarim marafonning tashkiliy qo‘mita raisi – bugungi yugurish musobaqasida bevosita ishtirok etgan "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti rektori, Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovdir.

Shuningdek, yugurishda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va san’at arboblari, taniqli sportchilar qatnashdilar.

Ushbu xayriya tadbirida universitetimiz talabalari va xodimlari ham o‘z hissasini qo‘shishdi.

Avvalroq Aziz Abduhakimov bu yil yarim marafon virtual formatda o‘tkazilishini ta’kidlagan edi.

Samarqand yarim marafonidan yig‘ilgan barcha mablag‘lar autizmga chalingan bolalar uchun O‘zbekistondagi maktab-internatlarning birida bolalar badiiy studiyasini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Barcha ishtirokchilar uchun esa ma’ruzalar va seminarlar o‘tkaziladi. Ushbu ma’ruzalar keng jamoatchilikka autizmga chalingan kishilarning keng dunyoqarashi haqida tushuncha berishga ko‘maklashadi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining platformasi orqali “Ipak yo’li” turizm xalqaro universitetidagi mavjud bakalavriat ta’lim yo’nalishlariga ikkinchi oliy ta’lim bo’yicha ro’yxatdan o’tgan abituriyentlar 2020 yil 29 oktyabr kuni “Ipak yo’li” turizm xalqaro universitetining bosh binosida tashkil qilinadigan kirish imtihonlariga PASPORT bilan soat 9.00 da kelishlari so’raladi.

Kirish imtihoni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 352-son Qarori talablari asosida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan 29-30 oktyabr kunlari ikki kun davomida o’tkaziladi.

Murojaat uchun telefonlar: +998 95 411-40-24, +998 90 224-14-42
Universitet manzili: Samarqand shahar, Universitet hiyoboni, 17 uy

Universitet qabul komissiyasi

O’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi markaziy madaniyat va istirohat bog’ida she’riyat mulkining sultoni haykali poyiga gul qo’yish marosimi bo’lib o’tdi.

Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tilshunos olimlar, ijodkorlar bilan bir qatorda “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti professor-o’qituvchilari hamda talaba-yoshlalari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Viloyat hokimining o’rinbosari X.Ochilov “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor J.Eltazarov nomiga respublikada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgani uchun “Ma’naviyat fidoyisi” ko’krak nishonini topshirilganini aytib, universitet vakillariga nishonni topshirdi.

Tadbirda o’zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlari asosida sahna ko’rinishlari namoyish etildi, ta’lim muassasalari o’quvchi va talabalari, san’at ustalari tomonidan o’zbek tili madh etilgan she’rlar, ashulalar ijro etildi.

“Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti ushbu sana munosabati bilan mushoiralar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirildi.

Seshanba, 20 Oktyabr 2020 19:27

Onа tilim – jonu dilim

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʼrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Oʼzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʼllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʼrganishga qiziqish kuchaymoqda. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasida ishtirok etdi. BMT oliy minbaridan turib, ilk marta oʼzbek tilida nutq soʼzlashi buning yorqin misolidir.

Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2019 yil 21 oktyabrdagi “Oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoniga asosan, yurtimizda oʼzbek tili bayrami har bir taʼlim muassasasida, har bir tashkilotda alohida eʼtibor bilan nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 20 oktyabr kuni “Ipak yoʼli” turizm xalqaro universitetida “Oʼzbek tilim, hamisha ehtirom va sadoqatga munosibsan”, deb nomlangan tantanali tadbir boʼlib oʼtdi.

Tadbirda dastlab Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shundan soʼng, universitetning Internatsionalizatsiya va strategik rivojlanish ishlari boʼyicha Birinchi prorektori professor Joʼliboy Danabaevich Eltazarov soʼzga chiqib, oʼzbek tilining bugungi kundagi oʼrni, mavqei, uning taraqqiyot yoʼlida erishilgan yutuqlari haqida toʼxtalib oʼtdi.

Аyniqsa, “Oʼzbek tili va adabiyoti hamda ijtimoiy fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan universitet jamoasi tomonidan Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Zikrilla Neʼmatning “Аziz ona tilimsan” qasidasi asosida tayyorlangan videorolik tomoshabinlarga manzur boʼldi.

Soʼngra Oʼzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Ona tilim, kechir meni, ona tilim” va Ikrom Iskandarning “Ona tilim” sheʼri universitetning 1-kurs talabalari Аhtamova Sitora va Pirimova Laylolar tomonidan mahorat bilan aytildi. Tadbir davomida ishtirokchilarning ona tilimizni qay darajada bilishini sinab koʼrish maqsadida ayrim oʼzlashma soʼzlarning sof oʼzbekcha shaklini topishga qaratilgan interaktiv oʼyin oʼynaldi.

Eski oʼzbek adabiy tilining asoschilaridan biri Аlisher Navoiy lirik merosidan sara namunalar universitet ikkinchi bosqich talabasi Аbdujabborov Lochinbek hamda ona tilimiz madh etilgan sheʼrlar Nasriddinov Rustamjon, Saidova Sadoqat, Ortiqov Bekmurod va Saidov Аbdullolar kabi tolibi ilmlar tomonidan maromiga yetkazib ijro etildi. Shundan soʼng, universitetning “Oʼzbek tili va adabiyoti hamda ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan talabalar orasida 2020 yil 22 sentyabrdan to 19 oktyabrgacha davom etgan “Oʼzbek tilim, hamisha ehtirom va sadoqatga munosibsan!” nomli videochellenj tanlovi gʼoliblarini taqdirlash marosimi oʼtkazildi. Tanlov yakunlari bo'yicha quyidagilar taqdirlandi:

1-o'rin: 2-kurs talabasi - Moxidil Solieva;

2-o'rin: 3-kurs talabasi - Saidov Abdullo;

3-o'rin: 2-kurs talabasi - Jiyanova Gulnoza.

G'oliblarga qimmatbaho sovg'alar va sertifikatlar topshirildi.

2020 yil 16 oktyabr kuni ko’hna Samarqand shahrida “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti yangi “smart-kampusi”ning rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Tantanali marosim O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisi va “Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimovning kirish nutqi bilan boshlandi. O’z nutqida u ushbu universitetning tashkil etilishi dunyo oliy o’quv yurtlari tarixida o’ziga xos unikal hodisa ekanligini ta’kidladi.

Universitetning ochilishi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi № PF-3815 qarori bilan tasdiqlandi. Universitet hali yosh bo’lishiga qaramay, respublikamizdagi eng mashhur va nufuzli ta’lim dargohiga aylanibgina qolmay, mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasidagi turizm sohasidagi yagona universitet hisoblanadi.

Shuningdek, marosimda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham so’zga chiqib, universitetning jonkuyar rahbariyati, professor-o’qituvchilari, xodimlari va jo’shqin qalbli talabalariga ulkan muvaffaqiyatlar va zafarlar tiladi.

Universitet rektori - Abduhakimov A.A. yangi binoning ramziy kalitini jamoatchilikka taqdim etdi.

Yangi bino universitet rektori, Samarqand viloyati hokimi va “Nuroniy” jamg’armasi Samarqand viloyati kengashi raisi, O’zbekiston Qahramoni Xasan Normurodov tomonidan ochildi va ramziy qizil lenta kesish marosimi o’tkazildi.

Shundan so’ng tashrif buyurgan mehmonlar va OAV vakillarini yangi bino bilan tanishtirish bo’yicha kampus-tur o’tkazildi. O’ziga xos ekskursiya davomida ularga o’quv-ishlab chiqarish kompleksiga kiruvchi mehmonxona xonalari, bar-restoran; eng so’nggi texnologiyalar bilan jihozlangan va 250 kishiga mo’ljallangan konferens-zal; kafeteriy usulida qayta ta’mirlangan oshxona; universal sport zali; shuningdek, cho’milish havzasi namoyish etilib, batafsil ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, mehmonlar eski yo’qlama jurnallari o’rnini bosuvchi, talaba va o’qituvchilarni kuzatuvchi texnologiya bilan jihozlangan o’quv xonalarini ham ko’zdan kechirishdi.

Tantanali marosim universitet rektori Aziz Abduhakimov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning daraxt ekish aksiyasi bilan yakunlandi.

O’quv-ishlab chiqarish kompleksi bo’ylab ekskursiya

Universitet konferens-zali

Oshxona-kafeteriyga tashrif

Sport zali

Ma’ruza zali

Daraxt ekish aksiyasi

Universitetda tashkil etilgan bunday yuksak sharoitlar, taqdim etilayotgan imkoniyatlar, shubhasiz, talabalarni yanada yaxshiroq o’qishga, o’z ustida ishlashga, qobiliyati, salohiyatini to’la namoyon etishga undaydi. O’z navbatida yuqori malakali mutaxassislar universitet nufuzi va salohiyatini yangi bosqichga ko’tarishga intilishadi va bor bilimi, tajribasi, kuchini sarflashga harakat qilishadi.

Turizm sohasini yuksaltirishda, milliy brendni ommaviylashtirish va ilgari surishda “Ipak yo’li” turizm xalqaro universitetining o’rni beqiyosdir.

Ushbu go’zal inshootni shu darajaga yetkazishda quruvchilarning ham o’rni nihoyatda yuqori. Ular eski, noqulay binoni qayta ta’mirlab, uni shaharning eng zamonaviy, ko’rkam arxitektura bezagiga aylantirishdi.

«Orientation Days 2020» doirasida «Ipak yo‘li» universiteti hududida chet el o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga bag‘ishlangan ko‘chat o‘tqazish aksiyasi ham bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda faol ishtirok etgan “Turizm menejmenti” fakulteti dekani prof. Slawomir Wroblewski:

«Inson daraxt ekayotganida yerni his qiladi, demak, u tabiat bilan aloqa o‘rnatadi. Bunday xayrli ishlarda ishtirok etgan kishi tabiatni anglashni va his qilishni, barcha jonzotlarni qadrlashni hamda hurmat qilishni o‘rganadi. Universitetimiz hududida ko‘chat o‘tqazish – bu daraxtning ildiz tizimini mustahkamlash kabi universitet maqomini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadamdir», – deya ta’kidladi.

Bugungi kun ko‘plab qiziqarli lahzalar bilan ajralib turishi quvonarli. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, birinchi kurs talabalari talabalik hayotining kichik, ammo juda muhim qismi bilan tanishtirildi. Umid qilamizki, talabalar akademik masalalar, ma’muriy talablar va qoidalar haqida muhim ma’lumotlarni bilish bilan birga, ko‘p qirrali jamiyat ichida bo‘lish orqali umumiy ta’lim tizimi to‘g‘risida ilk tasavvurga ega bo‘ladilar. «Orientation Days 2020» talabalik olamiga hayajonli hissiyotlarga boy sayohatni boshlashning eng yaxshi usuli hisoblanadi.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining aziz talabalari, biz sizlarni kutib olishdan mamnunmiz hamda o‘qish va ilmiy faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Biz 2020-yil 12-13-oktabr kunlari “Ipak yo‘li” turizm xalqaro uiversitetining yangi aqlli kampusida 1-kurs talabalari uchun “Kelajak sari yangi qadamlar” mavzusida “Orientation Days 2020” deb nomlangan tadbir tashkil etilishi haqida avvalroq xabar bergan edik. Mazkur tadbir doirasida “Ipak yo‘li” universiteti xodimlari, o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari birinchi bosqich talabalarini kutib olishadi, shuningdek, universitet hayoti haqida batafsil ma’lumot hamda savollarga javob beriladi. Umuman olganda, birinchi kurs talabalari o‘zlarini qulay va erkin his qilishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi!

Bugun, 12-oktabr kuni birinchi kurs talabalari uchun universitet eshiklari ochildi va universitetning faollar zalida olib boruvchilar Odil Boynazarov va Xolida Daukaeva boshchiligida “Orientation Days 2020” tadbiri tantanali ravishda ochildi. Universitetning Birinchi prorektori prof. Eltazarov Jo‘liboy Danabayevich o‘zining turli tillarda ifodalagan nutqida “Talabalik davri – talabalar uchun kunlik kashfiyotlar, yangi bilimlarni egallash, kasbiy rivojlanish, hayotiy pozitsiyalarni mustahkamlash davri” ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu tashkiliy marosim nafaqat o‘quv faoliyati, balki universitetning ijtimoiy, ilmiy, madaniy jihatdan o‘zini namoyon etishga imkon beruvchi muhim tadbirlardan biri ekanligini e’tirof etdi.

Bundan tashqari, “Turizm menejmenti” fakulteti dekani dots. Slawomir Wroblewski, ilmiy bo‘lim boshlig‘i PhD Farhod Abdurahmonov, shuningdek, “Umumkasbiy va ixtisoslik fanlari” kafedrasi mudiri dots. Ian Patterson o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qilishdi.

Universitetga kirishda eng yuqori ball to‘plagan birinchi kurs talabalari (Esanova Gulnoza, Zaxarova Yana va Shamuradov Bekzod) ham chetda qolishmadi. Ular “Why I choose the Tourism University?” mavzusida nutq so‘zladilar. Tadbirda bir guruh talabalar esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlanishdi.

Universitetning yangi aqlli kampusi bilan batafsil tanishtirish maqsadida edvayzerlar guruhi tomonidan talabalarga sportzal, lingofon sinflari, o‘quv auditoriyalari, axborot-resurs markazi, yopiq suv havzasiga ajoyib ekskursiyalar tashkillashtirildi. Tuzilgan sayohat yo‘nalishiga ko‘ra, 1-kurs talabalariga kafedralar professor-o‘qituvchilari tomonidan turli xil faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirishga qaratilgan ko‘rgazmalar namoyish etildi.

Fotolenta

Yaponiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yoshinori Fujiyama tabrigi

103 dan 149 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar